Yoshlar tarbiyasiga e'tibor

    Davlatimiz rahbarining 2021 yil 20 apreldagi “YOshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash va bandligiga ko'maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida Toshkent davlat texnika universiteti Mexanika fakul`tetiga biriktirilgan mahallalarda turli madaniy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

    Toshkent shahar Olmazor tumanidagi “Hofiz Ko'hakiy” MFY bilan bu borada hamkorlik ishlari yo'lga qo'yilgan. Hozirgi kunga qadar mahallada sport, axborot texnologiyalari, xorijiy tillarni o'qitish bo'yicha tashkil etilgan to'garaklarga jami 42 nafar yoshlar qamrab olindi.

    Shuningdek, mahallada yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kitobxonlikka, sport o'yinlariga oshno etish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda. Taniqli shoir va yozuvchilarning ijodiy kechalari, el suygan aktyor va aktrisalar bilan uchrashuvlar yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

    Xuddi shunday tadbirlar tumanning “Abu Bakr Shoshiy” mahallasida ham tashkil etilmoqda. Yosh avlodni madaniyat, san'at, jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to'g'ri foydalanish ko'nikmasini shakllantirish, yoshlar o'rtasida kitobxonlikni targ'ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta'minlashga katta e'tibor qaratilmoqda.