Koʻrsatuvda Qoraqalpogʻistonni viloyat deb nomlagan. Ushbu xatosi uchun “Yoshlar” telekanali teletomoshabinlardan uzr soʻradi.
— Bugun telekanalimiz faoliyatida juda kam-kam uchraydigan qoʻpol xatolikka yoʻl qoʻyildi. Bugun “Yoshlar” telekanali orqali soat 12.05da Qoraqalpogʻiston Respublikasidan tayyorlangan “Biz tomonlarda” koʻrsatuvi namoyish etilgan edi. Koʻrsatuvda montaj jarayonidagi texnik xatolik sababli “Qoraqalpogʻiston Respublikasi”ning nomi xato koʻrsatilgan. Ushbu qoʻpol xatolikka yoʻl qoʻyilgani uchun biz, “Yoshlar” telekanali jamoasi koʻp sonli teletomoshabinlarimizdan uzr soʻraymiz. Hozir aybdorlarga nisbatan tegishli choralar koʻrilmoqda, — deydi telekanal jamoasi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur koʻrsatuv “Qoraqalpogʻiston Respublikasi”ning nomi toʻgʻrilangan holda kecha soat 18:33da qayta namoyish etilgan.
Telekanalning qayd etishicha, kelgusida telekanalda bu kabi holatlarning takrorlanmasligi yuzasidan qatʼiy choralar koʻriladi.