Joriy yil respublikamizning barcha hududlarida bu kun keng va koʻtarinki nishonlandi. Jumladan, Buxoroning madaniyat va istiroxat bogʻlari, xiyobonlari, talim muassasalari, mahallalar, xonadonlar, koʻchalarda ham bayramona qiyofa aks etgan. Chunki murgʻak va begʻubor koʻngillarning quvonchi butun dunyoga koʻchgandek goʻyo.

Viloyat xokimligi, Xalq taʼlimi rahbariyati hamda bir necha tashkilotchi jamoalar tomonidan tashkil qilingan koʻngilochar tadbirlar, maʼnaviy-maʼrifiy chiqishlarda Buxoro shahridagi 32-umumtaʼlim maktabining oʻziga xos hissasi bor. Bu borada maktabning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari R.R.Qurbonova, rasm fani oʻqituvchisi Sh.Siddiqov, texnologiya fani oʻqituvchisi G.Ashurova hamda maktab yetakchisining mashaqqatli mehnatlarini alohida tilga olish joiz. Shahardagi barcha tadbirlarda ular ijodkor va iqtidorli oʻquvchilari bilan ishtirok etyapti.

Alimahsumbek va Alisher Abdullayevning Xalqaro bolalar kuniga bagʻishlab chizgan suratlarida tinch va farovon Oʻzbekiston, quvnok bolajonlar, attraksionlar yana bir qancha manzaralar aks etgani tashrif buyurgan mehmonlarni oʻziga jalb etdi.

Buxoro viloyat Yoshlar markazidagi isteʼdodlarni taqdirlash marosimida oʻquvchi yoshlarga Buxoro viloyati Xalk taʼlimi boʻlim boshligʻi D.Mustafoyeva, viloyat hokim urinbosari: M.M.Xamroyev tomonidan hokimlikning esdalik sovgʻalari ulashildi.

Zero, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, “Yoshlarga eʼtibor kelajakka eʼtibor, ishonch demakdir”.

F.Yodgorova,

Buxoro shahar Xalk taʼlimi boʻlimi mudirining

maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari