Yoshlarga hunar oʻrgatayotgan kulollarga subsidiyalar ajratish tartibi joriy etiladi

    Madaniyat 24 Mart 2021 1606

    2021-yil 23-martda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–5033-sonli “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2021–2023-yillarda kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha istiqbolli reja koʻrsatkichlar tasdiqlandi.

    Shunga koʻra, joriy yilda 5 400 dona mahsulot ishlab chiqarish nazarda tutilgan.

    Qarorga koʻra, yangidan tashkil etiladigan kulolchilik markazlaridagi turar va noturar joylar uchun mol-mulk va yer soligʻi stavkalari ularga nisbatan mulk huquqi kulollarga berilgan oydan boshlab uch yil davomida 50 foiz miqdorida oʻrnatiladi.

    Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida hunarmandchilik uchun Markaziy bankning asosiy stavkasida 500,0 milliard soʻm miqdorida kredit ajratiladi.

    2021-yil 1-aprelgacha usta-shogird anʼanalari asosida yoshlarga hunar oʻrgatayotgan kulollarga shogirdlar tayyorlashi, zarur xomashyo sotib olishi va shogirdlarni ish haqi bilan taʼminlashi uchun subsidiyalar ajratish tartibi joriy etiladi.

    Har yili “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yangi turmush qurayotgan 100 ming nafar xotin-qizlarga reja boʻyicha kulolchilik mahsulotlari toʻplamini sovgʻa qilish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

    Xalqaro aeroportlar “Duty free” hududlarida va temir yoʻl vokzallarida kulolchilik va boshqa turdagi hunarmandchilik mahsulotlari savdosi uchun maxsus joylar ajratiladi.

    Vazirlik, idoralar, tijorat banklari hamda davlat korxonalari 2022-yil 1-sentyabrgacha kulollar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish orqali kulolchilik mahsulotlarini xarid qilishi mumkin.

    Qarorga koʻra, Fargʻona viloyati Rishton tumanida kulollar uchun qurilgan xonadonlarni sotib olish maqsadida kulollarga:

    - “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan xonadonlar qiymatining 50 foizi miqdorida boshlangʻich badalsiz, faqat mazkur xonadonlar garovi ostida 20 yil muddatga, 3 yil imtiyozli davr bilan, Markaziy bankning asosiy stavkasida ipoteka kreditlari ajratiladi;

    - xonadonlar qiymatining 50 foiz miqdori “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan qoplab beriladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.