Hujjatlarga koʻra, yakka tartibdagi tadbirkor boʻlgan, kamida 20 yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va oʻquv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit beriladi. Ularning biznes gʻoyalari loyihaga aylantiriladi.
Shu paytgacha mavjud sharoitdan foydalanib, 100 yigit-qizni ish bilan taʼminlagan denovlik Qurbonali Kazakovga yangidan yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. Yosh tadbirkor faoliyatini 2017-yilda boshlagandi.
Aynan davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “Yoshlar — kelajagimiz” jamgʻarmasidan imtiyozli kredit olib, ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirdi.
Hozir avtomobil oʻrindiqlari uchun maxsus gʻilof hamda gilamchalar ishlab chiqarayotgan tadbirkor oʻz mahallasidagi koʻplab yigit-qizlarning bandligini taʼminlagan. 100 dan ziyod ish oʻrni ochgan ishbilarmon yangi loyihalarni amalga oshirish taraddudida. Bu esa yana 50 yoshning ishli boʻlishiga xizmat qiladi.
— Prezidentimiz yoshlar bilan ochiq muloqotda taʼkidlaganidek, sanoat zonalaridan ipoteka dasturi orqali bino olayotgan tadbirkorlarga uskuna xaridi uchun 500 ming dollargacha kredit ajratiladi. Sodda qilib aytganda, tayyor ishlab chiqarish maydonini olgan yosh tadbirkorga imtiyozli shartlarda uskunalar ham olib beriladi. Avvallari Xitoydan maxsus texnikalarni keltirgandim. Endi yanayam qulay shart-sharoit yaratilyapti, — deydi Qurbonali Kazakov.
Denov tumanida hozir yoshlar tadbirkorligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Qoʻzichoqli” yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasidagi 59 ta lotda sanoat ipotekasi asosida yoʻlga qoʻyilayotgan loyihalarga ham asosan yoshlar jalb etilmoqda. Buning evaziga yaqin orada bu yerda 400 ga yaqin ish oʻrni ochiladi.
Sohibqiron Amir Temurning “Azmi qatʼiy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz va loqayd kishidan afzaldir”, degan gapi zamirida bir olam maʼno mujassam. Tadbirkor va ishbilarmon, keng dunyoqarashli va bilimli yoshlar — yurt kelajagi, tayanchi, mamlakat taraqqiyoti va el farovonligini taʼminlashdagi muhim kuchlardan. Shu bois, mamlakatimizda yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga, tadbirkorligiga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Prezidentimizning «Surxondaryo viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish va yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq, vohaning shimoliy qismida ilk bor yangi oliy taʼlim muassasasi — Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti ochilgan edi.
Talabalar bandligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida qator topshiriqlar belgilab berilgan edi. Shu vazifalar ijrosidan kelib chiqqan holda Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida “Karyera markazi” faoliyat yurityapti.
Oliy taʼlim muassasasining 2024-2026-yillarga moʻljallangan istiqbolli rejasiga koʻra, zamonaviy markaz talabalarning darsdan boʻsh vaqtda mustaqil taʼlim olishi, hunar oʻrganishi, qobiliyat va iqtidorini tijoriylashtirishi uchun imkoniyat yaratadi. Buning uchun pazandalik, tikuvchilik sexlari, erkaklar sartaroshxonasi, goʻzallik saloni, amaliy sanʼat toʻgaragi, koreys, yapon, xitoy, nemis, turk, ingliz, italyan va rus tili oʻquv kurslari mavjud.
— Ayni paytda markaz xodimlari ham oliy taʼlim muassasasida oʻqib, ham mehnat qilishga ehtiyoj sezayotgan men kabi talabalarning eng yaqin koʻmakchisiga aylanib ulgurdi, — deydi Mashhura Nosirova. — Markazning maqsadi ham shu: ish izlayotgan talabalarni yarim kunlik ish bilan taʼminlash, kasbiy oʻsishi, ish beruvchilar bilan muloqotini yoʻlga qoʻyishdan iborat.
Mamlakat taraqqiyoti koʻp jihatdan isteʼdodli yoshlarni tanlash, ularga toʻgʻri yoʻnalish berish, qobiliyatini rivojlantirish, intellektual salohiyatini namoyon etishiga koʻmaklashishga bogʻliq.
— “Karyera markazi” ish beruvchilar va bitiruvchilarni birlashtiruvchi maydonga aylanadi. Bugun iqtidorli yoshlarni aniqlash, taʼlim jarayoniga ilgʻor texnologiyalar, uslublar va xorij tajribasini keng joriy etish ertaga yurt koriga yaraydigan barkamol farzandlarning kamol topishiga zamin yaratadi, — deydi oʻqituvchi Suxrobjon Xidirov. — Yangi biznes va loyihalarning paydo boʻlishi bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanishini osonlashtiradi. Bu esa aholi turmush darajasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Surxondaryo viloyatida 45 ming 947 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Shundan 16 ming 142 tasining taʼsischisi, yaʼni 35 foizdan ortigʻi aynan 30 yoshga toʻlmagan yoshlardir. Ular tomonidan hududdagi 1,5 mingga yaqin yigit-qizning bandligi taʼminlangan. Bugun vohadagi 181,3 gektar maydonda 53 ta kichik va yoshlar sanoat zonasi tashkil qilingan. Ushbu kichik va yoshlar sanoat zonalarida qiymati 689,1 milliard soʻmlik 488 ta loyiha joylashtirilgan. Natijada 1871 ta ish oʻrni ochildi.
Bandixon tumanida 2024-yilda umumiy maydoni 27 gektardan iborat va oʻzida 120 ta lotni jamlagan kichik va yoshlar sanoat zonasi faoliyat boshladi.
— Keyingi yillarda Bandixon tumanida ham xizmat koʻrsatish va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Natijada 2024-yilning oʻzida 540 ta yangi ish oʻrni ochildi, — deydi tuman kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi boshligʻi Orif Murodov.
Tadbirkor Safar Toʻlaganov 100 million soʻm bilan ishga tushirgan korxonada hozir bir kunda oʻrtacha 50-60 dona mahsulot tayyorlanyapti va vohadagi 5 ta tumanning ichki bozoriga kirib bormoqda.
— Viloyatimizda biz kabi yoshlarning intilish va tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanyapti. Biznes loyihalarimiz moliyalashtirilyapti. Davlatimiz rahbarining yaqinda yoshlar bilan muloqoti bizga yangi kuch va faoliyatimizni yanada rivojlantirish uchun ruh bagʻishladi. Endi aholi bandligiga sezilarli hissa qoʻshishni yanada kengaytiramiz, — deydi Safar Toʻlaganov.
Muloqotda davlatimiz rahbari kelajagimiz egalari bilan uchrashuvdan mamnun ekanini taʼkidlab, yoshlarni xalqimizning oltin fondi deb atadi. Shunday ekan, ana shu eʼtirofga munosib avlod shakllanishini davrning oʻzi talab etayotgani ham ayni haqiqat.
Sarvar TOʻRAYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri