Dunyoning 60 dan ziyod mamlakati jamoalari ishtirok etgan musobaqaning guruh bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagan hamyurtlarimiz hal qiluvchi bahsda mezbon – Shvetsiya terma jamoasiga qarshi maydonga chiqdi. Uchrashuvda to'liq ustunlikka erishgan jamoamiz raqiblarini 5:0 hisobida mag'lub etib, tarixda ilk bor chempionlikni qo'lga kiritdi.

Shvetsiyadan qaytib kelgan chempion jamoamizni Toshkent xalqaro aeroportida O'zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Toshkent viloyati Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi vakillari hamda sportchilarning yaqinlari tantanali kutib oldi.

— Terma jamoa safida viloyatimizning Oqqo'rg'on tumanidagi 78-sonli maxsus maktab-internati tarbiyalanuvchilaridan Shuhrat Jo'rayev, Dilshod Jo'rayev, Denis Nikitin, Dilmurod Azimov va murabbiy Azamat Mo'minov ham mazkur xalqaro turnirda ishtirok etib, chempionlar safidan joy oldi, — deydi Toshkent viloyati Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig'i Rustam Boboqulov. — Ushbu chempion yoshlarimiz Oqqo'rg'on tumanida ham munosib kutib olinib, hokimlik tomonidan qimmatbaho esdalik sovg'alari bilan mukofotlandi. Mamlakatimiz bayrog'ini xalqaro arenada baland ko'targan chempionlarimizning yorqin g'alabasi boshqa yoshlarimizning sportga bo'lgan ishtiyoqi oshishiga xizmat qilishi tabiiy.

Ilhom RAHMONOV