Kecha Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutida boʻlib, chinakam iqtidor egalari saralanayotgan ijodiy kirish imtihonlari jarayoni bilan yaqindan tanishdik.
Sohada ilgʻor mutaxassislarni tayyorlab berishda respublikadagi yetakchi oʻquv dargohlaridan biri sanalgan mazkur taʼlim maskanida 2021-2022 oʻquv yiliga tayyorgarlik ishlari, abituriyentlarning ijodiy imtihon topshirishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni koʻzdan kechirdik.
Shuningdek, ijodiy kirish imtihonlarini yaqindan kuzatdik.
Jarayonda shunga amin boʻldikki, bugun sohaning zabardast mutaxassislari qarshisida turib, bor iqtidor va mahoratini namoyon etayotgan yoshlarning koʻzi yonib turibdi.
Ular shunchaki emas, qatʼiy ahd va aniq maqsad bilan bu sohada taʼlim olishga bel bogʻlagan.
Taʼkidlash joizki, alohida iqtidor talab etiladigan sanʼat va madaniyat sohasida yetuk mutaxassis va sanʼatimiz davomchilarini tayyorlashda haqiqiy isteʼdodlarni saralab olish, yurtimizning eng chekka hududlaridan kelgan yoshlarni bilimi, iqtidori va mehnatini yuzaga chiqarish soha rivojida muhim hisoblanadi.
Shu bois, imtihon olish jarayonlarida xolislik va shaffoflikni taʼminlash, har bir ijodiy chiqishni adolatli baholash ayni paytda oldimizda turgan eng zarur vazifadir.
Zero, yoshlarni baholashda xolis va adolatli boʻlish juda muhimdir.