Yoshlarning bandligiga koʻmaklashish hamda ularni doimiy ish bilan taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

    Hujjatlar 26 Aprel 2023 7469

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    Yoshlarning mustaqil hayotga qadam qoʻyishlari, oʻz iqtidori va salohiyatini toʻliq namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, ularning bandligiga koʻmaklashish, doimiy ish bilan hamda munosib daromad olishini taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida:

    1. Belgilab qoʻyilsinki, 2023-yil 1-maydan boshlab 2025-yil 1-yanvarga qadar ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamgʻarmasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek, ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada toʻlovchilar bundan mustasno) ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan toʻliq qoplab beriladi.

    Bunda, ijtimoiy soliq summasi yosh xodimlar olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qoplab beriladi.

    2. Belgilansinki, ish beruvchilarga ijtimoiy soliq summasining qoplab berilishi 2023-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga ajratiladigan transfertlar hisobidan amalga oshiriladi.

    3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yil va 2025-yil uchun Davlat byudjetini shakllantirishda ijtimoiy soliq hisoboti ortib boruvchi yakun bilan har oyda hisobot davridan keyingi oyning 15-sanasidan kechiktirmasdan topshirilishini inobatga olib, 2024-yil va 2025-yilning I choragida ish beruvchilarga ijtimoiy soliq summasini qoplab berish xarajatlarini alohida qatorda rejalashtirishni nazarda tutsin.

    4. Yoshlar siyosati va sport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu Farmon maqsadi va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmogʻida keng yoritish ishlarini tashkil etsin.

    5. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-iyuldagi “Ish beruvchilarga ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq summasini davlat byudjetidan toʻliq qoplab berish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida”gi 460-son qaroriga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

    6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2023-yil 26-aprel