“Yoshlik energiyasi” nomli xalqaro forum oʻz nihoyasiga yetdi

    Mamlakatimizda 25 May 2021 517

    Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi “Lochin” oromgohida yoqilgʻi-energetika kompleksi yoshlari ishtirokida oʻtkazilgan “Yoshlik energiyasi” nomli Xalqaro forum oʻz nihoyasiga yetdi.

    Karantin qoidalariga rioya etgan holda tashkil qilingan forum ishtirokchilarni yoqilgʻi-energetika kompleksi, neft va gaz sohasidagi ilgʻor texnologiyalar, shuningdek, elektr energetikasi sohasidagi bilim va koʻnikmalarini mustahkamlab, turli sport musobaqalari, intellektual oʻyinlar, mantiqiy va amaliy mashgʻulotlar bilan birlashtirdi.

    Shuningdek, Forum ishtirokchilariga koʻtarinki ruh bagʻishlash va ishtirokchilarni qutlash maqsadida, Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik katta teatri jamoasi tomonidan konsert dasturi tashkil qilinib, turli xil sahna koʻrinishlari va musiqali chiqishlar orqali ishtirokchilarga madaniy energiya berildi.

    Forum yakunida kelgusi forumlar uchun aniq maqsadlar belgilab olindi, bir qator nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlandi. Tadbirda ishtirok etgan faol yoshlar Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda Oʻzbekiston energetika, neft va gaz sanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.