Xoʻsh, bu borada mutaxassislar qanday tavsiyalar beradi? Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati bu savolga mutaxassilardan javob oldi.
— Yozning issiq kunlarida sogʻlom inson oʻrtacha ikki-uch litr suyuqlik ichishi kerak, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi Ovqatlanish gigiyenasi va bolalar, oʻsmirlar gigiyenasi kafedrasi professori Guli Shayxova. — Ayniqsa, bunday ob-havoda eng yaxshi ichimlik toza suvdir.
Bunda nafaqat uning miqdori, balki harorati ham muhim. Xususan, 36-37 darajali oddiy suv organizmda metobolizm va ichak faoliyatini yaxshilab, qondagi xolesterin miqdorini pasaytiradi hamda tanadan toksinlarni haydaydi.
Chanqoq payti yashil yoki oʻsimlik choylari (romashka, yalpiz va boshqalar), qoragʻat, olcha, olxoʻri kabi nordon mevalardan tayyorlangan sharbatlar, ayron, kefir ichish juda foydali. Sababi, ular orqali organizmga mineral moddalar va vitaminlar kirib boradi.
Qahvani xush koʻruvchilar kuchli jazirama payti bu ichimlikdan voz kechishlari yaxshiroqdir. Chunki u chanqoqni bosmaydi, aksincha tarkibidagi kofein qon bosimini oshirib, tanani suvsizlantiradi.
Shuningdek, imkon qadar qadoqlangan sharbatlar, shirin gazli ichimliklarni taomnomadan chiqarib tashlash lozim. Sababi ular tarkibidagi koʻp miqdordagi shakar va konservantlar chanqoqni yanada kuchaytiradi.
Yana shunday mahsulotlar borki, ular ham chanqoqni yaxshi bosadi. Bularga bodring, selderey, qovun, tarvuz, apelsin kiradi. Ayniqsa, yozgi taom boʻlmish okroshka ham chanqoqni bosadi hamda u kerakli mikroelement va vitaminlarga boydir.
Biroz yozda oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar tarkibi tez buzilishini eʼtiborga olsak, bozorlarda, katta yoʻl chetlarida sotiladigan qoʻlbola va yaroqlilik muddati oʻtgan ichimliklarni ichish salomatlik uchun xavfli.
Yurak-qon tomir, buyrak xastaligidan aziyat chekuvchi insonlarga esa koʻp suv ichish tavsiya etilmaydi. Bunday bemorlar shifokor nazorati ostida suyuqlik isteʼmol qilishlari lozim.