Yozning issiq kunlarida qanday taomlanish lozim?

    Salomatlik 28 Iyun 2022 3104

    Shu kunlarda yurtimiz boʻylab yuqori havo harorati kuzatilmoqda. Tabiiyki, bunday jazirama iqlimda organizm lohas boʻlib, koʻpchilikning ishtahasi pasayadi. Biroq issiq ob-havo bir necha kun yoki haftalar davom etishini inobatga olsak, taomlanmaslik salomatlikka zarar yetkazishi hech gap emas.

    Xoʻsh, shunday ekan, saraton kunlarida qanday ovqatlanish kerak? Kunlik taomnomada qanday yeguliklar boʻlishi maqsadga muvofiq?

    Ushbu mavzu yuzasidan Toshkent tibbiyot akademiyasi Ovqatlanish gigiyenasi va bolalar, oʻsmirlar gigiyenasi kafedrasi professori Guli Shayxova fikri bilan oʻrtoqlashadi.

    — Jazirama havoda koʻpincha inson organizmida suv-tuz almashinuvining buzilishi, terlashning kuchayishi, buning natijasida muhim vitaminlar va minerallarning yoʻqotilishi kuzatiladi, — deydi shifokor.

    — Albatta bunday sharoitda toʻgʻri ovqatlanish nafaqat tanani issiqdan sovitishga, balki uni suv va foydali mikroelementlar bilan toʻyintirishga ham katta yordam beradi. Yaʼni, suvsizlanish, oftob urishi va boshqa koʻngilsiz holatlarning oldini oladi.

    Shu bois yoz kunlari koʻproq taomnomaga hoʻl mevalar va xom holatdagi sabzavot hamda ulardan tayyorlangan salatlarni kiritish lozim. Chunki bu mahsulotlarning koʻpchiligi chanqoqni qondiradi hamda organizmni kerakli mineral moddalar va vitaminlar bilan toʻyintiradi. Lekin ularning kaloriyasi kam va kuni bilan sarf qilingan quvvatning oʻrnini bosa olmaydi. Organizmga esa doimiy oqsil moddalari zarur.

    Buning uchun goʻsht va uning oʻrnini bosuvchi baʼzi (dukkakli) mahsulotlarni isteʼmol qilish maqsadga muvofiq. Biroq, qovurilgan, yogʻli mahsulotlarning hazm boʻlishi ancha qiyin ekani sababli qaynatilgan va umuman yengil hazm boʻladigan goʻshtli taomlarni yeyish tavsiya qilinadi. Xususan, issiq kunlarda mastava, qaynatma shoʻrva (yogʻsiz), manpar va shunga oʻxshash yengil hazm boʻluvchi taomlarni yeyish kerak.

    Shuningdek, yoz faslida ovqatlanish vaqtini biroz oʻzgartirish tavsiya qilinadi. Demak, ertalabki nonushta soat 7:00 da qilinishi, unda oqsil, yogʻ va uglevodga boy va yuqori kaloriyali mahsulotlar (tvorog, qaymoq, sutli choy, meva, sabzavot, suvda pishirilgan goʻsht va shunga oʻxshash mahsulotlar) boʻlishi va bu jami kunlik ratsionning 35 foizini tashkil etishi lozim. Tushlikda yengil hazm boʻluvchi birinchi taom, yaʼni moshxoʻrda, mastava, manpar, suvda yoki bugʻda tayyorlangan kotletlardan iborat boʻlsa, nur ustiga aʼlo nur.

    Dasturxonimizda, albatta, sabzavot va mevalar, ulardan tayyorlangan salatlar, bodring, pomidor, piyoz, koʻk piyoz, koʻkatlar boʻlishi kerak. Hoʻl mevalardan tayyorlangan sharbatlar tarkibida esa shakar imkon qadar umuman boʻlmasligi lozim.

    Yozning issiq kunlarida shoʻr baliq, dudlangan goʻsht, konserva, tuzli mahsulotlarni isteʼmol qilish umuman tavsiya etilmaydi. Chunki ular chanqash holatini yanada kuchaytiradi.

    Qolaversa, yogʻli goʻsht, achchiq yeguliklarni taomnomadan chiqarib tashlash maqsadga muvofiq. Chunki ular tanada issiqlik ishlab chiqarishni yanada kuchaytirib, hazmi qiyin. Bu esa organizmning issiqlik bilan kurashish va metabolik jarayonlarni tartibga solish oʻrniga, hazm uchun energiya sarflashiga olib keladi.

    Kechki taomlar ham juda yengil hazm boʻladigan suyuq ovqatlardan iborat boʻlishi kerak. Buning uchun qatiq, kefir, olma, turli sabzavotlar va shunga oʻxshash uglevodlarga boy boʻlmagan mahsulotlarni isteʼmol qilish lozim.

    Qovun va tarvuz esa tushlik vaqtida yeyilsa yaxshi boʻladi. Chunki ular uglevodlarga boy va organizmga quvvat beradi. Ayniqsa, tarvuz chanqoqni bosadi.

    Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.