Yozuvchi va jurnalist Abu Bakir Oʻrozovning “Togʻlarni titratgan kun” kitobi nashrdan chiqdi

    Toʻplamdan “Polapon”, “Olishuv”, “Oqqon”, “Uchinchi oʻq”, “Togʻlarni titratgan kun”, “Qaytish” kabi hikoya va qissalar oʻrin olgan.

    Mazkur toʻplamdan oʻrin olgan hikoya va qissalar muallifning tabiat va insonning bir butun hodisa sifatida kuzatishlaridan dunyoga kelgan. Bir qarashda juda oddiy voqealarning qogʻozdagi akslanmasidek koʻrinuvchi bu moʻjaz ijod namunalarida odamning tabiati, uning qudratli va ojiz qirralari, hayotning pastu balandliklarida inson tabiatining evrilishlari namoyon boʻladi.

    Ushbu asarlarda oʻquvchining yodida qoladigan jihatlardan biri – inson oʻz iztiroblarini ona tabiat bilan yaxlitlikda his qilishi, oʻzi uning bir boʻlagi sifatida idrok etishidir.

    Yozuvchi ham shuni istagan, aslida.

    Kitobdagi turli yillarda dunyo yuzini koʻrgan hikoya va qissalar oʻzining sodda-ravon tili, yoqimli tasvirlari bilan ham eʼtibor tortadi.

    Maʼlumot uchun, Abu Bakir Oʻrozov 1983-yilda Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. OʻzMUning jurnalistika fakultetini tamomlagan. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligining Respublika axboroti tahririyati agrar boʻlimida sharhlovchi sifatida mehnat faoliyatini boshlagan.

    Ayni paytda “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarida bosh muharrir oʻrinbosari. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.