Ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona viloyatining Yozyovon tuman choʻllaridagi qum tepaliklar mahalliy tadbirkorlar tomonidan egallab olinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlarga koʻra, ushbu qum tepaliklar dunyoda noyob va shifobaxsh sanaladi.
Maʼlum qilinishicha, 2020-yil 7-may kuni Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining Fargʻona viloyati boshqarmasining 4 nafari mutaxassisi, “Davsuvxoʻjaliknazorat” davlat inspeksiyasi inspektori, “Uzgidrotexnik” MCHJ direktori oʻrinbosari, Fargʻona davlat oʻrmon xoʻjaligi oʻrmon ustasi ishtirokida “Markaziy-Fargʻona” qum konining 5-uchastkasida oʻrganish oʻtkazgan.
Mazkur uchastka “Yozyovon choʻllari” tabiat yodgorligi hududida joylashgan boʻlib, 105.7 gektar maydonni egallaydi. “Yozyovon choʻllari” tabiat yodgorligi Markaziy Fargʻonaning Yozyovon va Qoʻshtepa tumanlarining shimoliy-gʻarbiy qismida joylashgan boʻlib, hali oʻzlashtirilmagan, oʻziga xos noyob landshafti shakllangan biologik tizimga ega, bu yerdagi ekologik tizim asrlar davomida tashkil topgan va rivojlangan.
Tabiat yodgorligidagi oʻsimlik dunyosining 188 turkumga oid boʻlgan 302 xildagi oʻsimlik turi, shu jumladan, 5 turdagi daraxtlar, 24 turdagi butalar va 10 turdagi chala butalar, 98 turdagi koʻp yillik oʻtlar, 165 turdagi bir yillik oʻtlarni tashkil qiladi. Yodgorlik hududidagi oʻsimliklarning 91 turi shifobaxsh, 81 turi esa begona oʻtlarni tashkil qiladi, deya xabar qiladi Fargʻona viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.
Ishchi guruhining xulosasiga asosan, qum zaxiralarini oʻzlashtirish natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan koʻplab hayvonot va oʻsimlik dunyosining yoʻqolib ketishiga yoki kamayib ketishiga hamda mazkur hududda yer osti sizot suvlari koʻtarilishiga sabab boʻlishi mumkinligini inobatga olgan holda, ushbu hududda qazish ishlarini olib bormaslik maqsadga muvofiq deb topilgan.
“Oʻz navbatida Davlat ekologiya qoʻmitasi alohida ishchi guruh tuzib, “Yozyovon choʻllari” tabiat yodgorligi hududida qum qazib olishga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan nazorat ishlarini olib bormoqda, jumladan, 2021-yil 14-may kuni nazorat tadbirlari amalga oshirildi va tabiat yodgorligi hududi qatʼiy nazoratga olingan”.