Yozyovon tumanida “MAN Trailer” haydovchisi uxlab qolishi oqibatida YTH sodir boʻldi

    Hurmatli haydovchilar! Oʻzingizda charchoq alomatlarini sezsangiz, darhol avtomobilni toʻxtating va dam oling. Aks holda oʻzingiz va boshqalar hayoti xavf ostida qolishi mumkin.

    Fuqaro S.A. Yangiboʻston mahallasi hududida “MAN Trailer” rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotib, uxlab qoladi.

    Natijada rul boshqaruvini yoʻqotib, avtomashinani chap tomonga burib yuborishi tufayli oʻzi bilan bir yoʻnalishda orqa tomonida harakatlanib kelayotgan, U.I. boshqaruvidagi “Nexia-2” rusumli, avtomashinasining yoʻliga koʻndalang turib, toʻqnashib ketgan. Oqibatda “Nexia-2” avtomashinasidagi yoʻlovchilar Q.M. va voyaga yetmagan K.A. tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan.

    Bundan tashqari “Nexia-2” avtomashinasi yoʻlovchisi T.M. tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

    Mazkur holat yuzasidan Yozyovon tumani IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

    Hurmatli haydovchilar!

    Oʻzingizda charchoq alomatlarini sezsangiz, darhol avtomobilni toʻxtating va dam oling.

    Aks holda oʻzingiz va boshqalar hayoti xavf ostida qolishi mumkin.

    Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati