баннер
25 Mar 2025
15:04

    YPX xodimining suratini tarqatgan qiz jarimaga tortildi

    Sirdaryo viloyatida Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimining suratini uni obroʻsizlantirish maqsadida tarqatgan qiz 7,5 mln soʻm jarimaga tortildi.

    Sud hujjatiga koʻra, joriy yilning 23-24-fevral kunlari Z.Yu. oʻzining Instagram sahifasida Sirdaryo viloyat IIB JXX YHXB Axborot guruhi katta mutaxassisi O.R.ning xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan fotosuratini joylab, uni yolgʻonchilik va “shantaj” qilishda ayblagan. Qizga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimining obroʻsizlantirilishiga olib keladigan axborotni buzib tarqatgani holati yuzasidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

    Sudda Z.Yu. O.R. uni hujjatlarsiz avtomashina boshqargani uchun hujjatlar toʻplab, uni sudga oshirib, sud jarayonini ham videotasvirga oldirib, unga yetti sutka maʼmuriy qamoq jazosiga torttirgani, oʻsha sudda uning qoʻliga kishan taqilgan holatini tasvirlarga oldirib, televideniye va oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali keng ommaga namoyish etgani, u hali turmushga chiqmagani, ushbu sudda olingan videoreportaj uning kelgusidagi turmushiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi, bundan uni jahli chiqib, maʼmuriy qamoq jazosini oʻtab chiqqanidan keyin oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida jahl ustidan ushbu videotasvirni olib, joylashtirganini, keyin oʻchirib tashlaganini aytgan. Shuningdek, u bu ishlarni jahl ustida qilgani, qilgan ishidan pushaymonligi va boshqa bu holat takrorlanmasligi, unga nisbatan qonuniy yengillik berilishini soʻragan.

    Joriy yilning 5-mart kuni jinoyat ishlari boʻyicha Guliston shahar sudida Z.Yu. ning ishi koʻrib chiqilgan. U Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 1952-moddasida (Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto- va (yoki) videotasvirini ularning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari, yaʼni 7 mln 500 ming soʻm jarima jazosi tayinlangan.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech