Yigʻilish avvalida Sh.Raxmanov soʻnggi yillarda Yurtboshimiz rahbarligida poytaxtimizda amalga oshirilgan islohot va yangilanishlar haqida qisqacha maʼlumot berib, shahar hokimligi Yuesin shahri bilan hamkorlik qilish, ularga barcha yoʻnalishlarda koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, Sh.Raxmanov mehmonlarga mamlakatimizdagi qulay sarmoyaviy muhit haqida gapirib, xizmat koʻrsatish, sanoat, biznes, ijtimoiy rivojlanish va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini qayd etdi.
Chjo Saylun samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, 1 600-yillik tarixga ega shahar haqida qisqacha toʻxtalib oʻtdi, delegatsiya tarkibidagi kompaniyalar, ularning faoliyat yoʻnalishlari haqida maʼlumot berdi, poytaxtimiz bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik qilish va mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Hokim oʻrinbosari shahar hokimligi xitoylik tadbirkorlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashi va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga har tomonlama yordam berishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Doʻstona ruhda oʻtgan uchrashuv yakunida Yuesin xalq hukumati va Toshkent shahar hokimligi oʻrtasida iqtisodiy va savdo hamkorlik mexanizmini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi Memorandum imzolanib, ikki tomonning niyatlari tasdiqlandi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.