“Yashirin iqtisodiyot”ning asosiy omillaridan biri tovarlarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib oʻtilishi, ayirboshlanishi va bojxona hududida harakatlanishidir. Shu munosabat bilan bojxona organlari tomonidan respublikamizda “yashirin iqtisodiyot”ning ulushini qisqartirish va tovarlarning noqonuniy harakatini oldini olish borasida ham bir qator chora tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “S.Najimov” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan tovar-moddiy boyliklarini yashirincha olib oʻtishga boʻlgan urinishlar fosh etildi.

Jumladan, qoʻshni davlatdan kirib kelgan fuqaro X.X. boshqaruvidagi “DAF” rusumli avtotransport vositasi oʻrnatilgan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida, avtomashina kabina qismida yoʻl yuk kuzatuv hujjatlarida koʻrsatilmagan umumiy qiymati 55 million soʻmlik 2000 dona tikuv mashinasi ehtiyot qismlari yashirilganligi aniqlandi.

Yana bir holatda mazkur post hududiga qoʻshni mamlakatdan kirib kelgan fuqaro S.B. boshqaruvida boʻlgan “DAF” rusumli avtotransport vositasi bojxona nazoratidan oʻtkazilganida, avtoulovning kabina qismida 15 litr spirt mahsulotlari yashirilganligi aniqlandi.

Shuningdek, S.Najimov” chegara bojxona postiga fuqaro N.A. boshqaruvida kirib kelgan MAN” rusumli avtotransport vositasi bojxonachilar eʼtiborini tortdi va mazkur avtoulov bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

Tekshiruv davomida avtomashinada 20 litrga yaqin alkogol mahsulotlari yashirilganligi maʼlum boʻldi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.