Yuksak vatanparvarlik

    Men o'zini o'zbek deya tanitib, kiborlarcha boshqa tillarda so'zamollik qiluvchilarni xush ko'rmayman va ishonch bilan ayta olamanki, ularning ko'nglida Vatanparvarlik kayfiyatidan asar ham bo'lmaydi.

    Bu so'z kimlar uchundir biroz balandparvozday tuyular, lekin bizning bugungi barcha ishlarimiz samarasini aynan mana shu kalom belgilab berishiga shubha yo'q.

    Bugun biz uchun chinakamiga Yangi hayot boshlandi. Uyg'oq nazar bilan qaralsa, yurtimizning ko'rk-u tarovati kun sayin sayqal topib bormoqda. Shaharlarimizdagi siti-shaharchalar, ravon yo'llar – ko'priklar, metroning yangi yo'nalish yo'laklari, ko'p qavatli uy-joylar...

    Islohotlarga e'tibor qaratadigan bo'lsak, hech bir soha nazardan chetda qolib ketayotgani yo'q. Tibbiyot deysizmi, matbuot deysizmi, madaniyat, ta'lim-tarbiya va davlat tiliga alohida e'tiborda bo'lish, mamlakatimizning barcha jabhadagi dunyoviy ko'rsatkichlarini yuksaltirish barobarida O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari salohiyatini ham yangi bosqichga olib chiqish...

    Darvoqe, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea – O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni arafasida Qurolli Kuchlar Akademiyasiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni raisligida Qurolli Kuchlar va harbiy-ma'muriy sektorlar faoliyatining 2020 yil yakunlari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag'ishlangan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig'ilishi bo'lib o'tdi. Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini yanada oshirish borasida bajarilgan ishlar, Qurolli Kuchlarni rivojlantirish yo'lidagi sa'y-harakatlar va ularning natijalari batafsil sarhisob qilindi. Yig'ilishda davlatimiz rahbari tomonidan Qurolli Kuchlarni rivojlantirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash, shuningdek, bu borada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ilg'or innovatsiyalarni keng tatbiq etish bo'yicha muhim ko'rsatmalar berildi.

    Tadbirda davlatimiz rahbari e'tirof etgan “o'z farzandlarida yuksak vatanparvarlik ruhini kamol toptira olmagan davlat, qanday qudratli qurolga ega bo'lmasin, mudofaa qobiliyatini mustahkamlay olmaydi” degan birgina so'z barchamizni yanada ogoh bo'lishga undaydi, farzand tarbiyasi yo'lida alohida e'tibor qaratilishi lozim jihatlarni yodimizga soladi. Jondan aziz farzandlarimiz qalbida milliy ruh, ona-Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuyg'usini har tomonlama kuchaytirish, qolaversa, buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo'lishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishimiz kerak. Bu yo'lda mamlakatimiz bo'ylab Prezidentimiz boshchiligida juda katta safarbarlik e'lon qilinmoqda. “Yangi O'zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan shiorning o'zi barcha maqsad va muddaolarimizni bayon qilib turibdi.

    Bugungi kunda global axborot makonidagi qarama-qarshilik, inson, ayniqsa yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurashning kuchayishi sharoitida aynan vatanparvarlik tushunchasining roli va ahamiyati ortishi tabiiy. Misol tariqasida mitti bola – go'dak hatti-harakatini kuzatsangiz ham uning tiynatida “bu – meniki, menga tegishli” degan iddao yaqqol ko'rinib turadi. Qolaversa, xarxashalarining mohiyatida ham egalik hissini o'zida saqlab qolish maqsadi hukmron bo'ladi. Demak, bizdan talab bitta, u ham bo'lsa, farzandlarimizdagi egalik hissini yuksaltirish, bu yo'ldagi ishlarimizga vatanparvarlik ruhini dadil singdirishdan iborat.

    Men o'zini o'zbek deya tanitib, kiborlarcha boshqa tillarda so'zamollik qiluvchilarni xush ko'rmayman va ishonch bilan ayta olamanki, ularning ko'nglida Vatanparvarlik kayfiyatidan asar ham bo'lmaydi. Zero, YUrtni sevish – “bu Vatan – mening or-nomusim!” degan so'zni qalbdan chiqarib ayta olish degani. Oriyati bor yurak esa boshqa tilda gapirib, o'zini ko'z-ko'z qilmaydi, maqtanmaydi. Qaytanga o'z tili dovrug'ini yanada yuksaltirish, qiymatini oshirish yo'lidan boradi.

    Ushbu tadbir davomida ham O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni tomonidan ilgari surilgan g'oyalar, fikr va mulohazalarning mazmun-mohiyati har galgidek yosh avlod ta'lim-tarbiyasiga tutashib ketdi. Zero, “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” avvalida turib qilinayotgan rejalar har birimizning zimmamizga mas'uliyat yuklaydi. SHubha yo'qki, navqiron yoshlar mana shu Vatan, shu muqaddas tuproqning ertangi egalari! Demak, ertamiz egalarini o'z qalbidagi murg'ak egalik hissi bilan birgalikda kamol toptirmog'imiz kerak! Ularga albatta ushbu so'zlarni uqtiraylik:

    “Mana shu yurt – seniki!

    Yangi O'zbekistonni sen yaratasan!

    Uning zarra tuprog'iga ko'z olaytirganlar - bilki, senga do'st emas!

    Sening bobolaring dunyolarga dars bergan, tomiringda esa ularning qoni borligini unutma!

    Ajdodlaring muqaddas bilgan mana shu tuproqni aziz tut va bir umr himoya qil!

    O'zingni, o'zligingni, o'zbekligingni aslo unutma!”

    Orif TO'XTASHEV,

    O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir

    “O'zbekiston MeT” aktsiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi maslahatchisi