“Yuksalish” Toshkentda yoʻlovchilarning jamoat transporti haqidagi fikrini oʻrgandi

    “Yuksalish” harakati poytaxt jamoat transporti holati yuzasidan fuqarolar oʻrtasida onlayn soʻrov oʻtkazdi.

    Soʻrovnoma sohaga masʼul tuzilmalar tomonidan qoʻshimcha eʼtibor talab qilinadigan jihatlarni aniqlashga qaratilgan.

    Soʻrovda 276 nafar respondent ishtirok etdi. “Hozirda jamoat transportidagi asosiy muammo nima?” degan savolga quyidagicha javob olindi:

    • Tigʻiz vaqtlarda yoʻlovchilar oqimi koʻpligi (49,1%);
    • Avtobuslarda sovituvchi/isituvchi konditsionerlar toʻliq ishlamasligi (15,6%);
    • Metroda havo ventilyatsiyasi yaxshi ishlamasligi (12,4%);
    • Transportlarning barchasida ham nogironligi borlar uchun maxsus sharoitlar yaratilmaganligi (8%).

    Shuningdek, yoʻlovchilar baʼzi yoʻnalishlarda haligacha eskirgan avtobuslar harakatlanayotganini, ular yoʻllarda tez-tez ishdan chiqayotganini yoki yongʻinlar kelib chiqayotganini muammo sifatida qayd etgan. Ayrim avtobuslarning harakatlanish jadvaliga muvofiq yurmasligi ham shular qatorida.

    Yoʻlovchilarning baʼzilari avtobuslarda konduktorlarga ehtiyoj yoʻq degan boʻlsa, boshqalari ehtiyoj borligini aytgan. Konduktor boʻlmasa, haydovchi yoʻlovchilarni old eshikdan tushiradi, bu esa yoʻlovchilar uchun qoʻshimcha noqulayliklar keltirib chiqaradi.

    Respondentlarning fikricha, yoʻnalishli taksilar yoki mikroavtobuslarda “qoʻshimcha oʻrindiqlar”dan (taburet yoki yogʻoch oʻrindiqlar) foydalanish holati kuzatiladi. Yoʻlovchilar xavfsizligi uchun buni qatʼiy nazoratga olish va tartibga solish darkor.

    Yoʻlovchilar qanday takliflar berdi?

    Soʻrov davomida respondentlar quyidagi taklif va tavsiyalarni berdi:

    • tigʻiz vaqtlarda avtobus va vagonlar sonini koʻpaytirish, oraliq vaqtlarni qisqartirish (65,2%);
    • tirbandlikning oldini olish uchun sigʻimi va hajmi katta avtobuslar sonini koʻpaytirish (50%);
    • metroda ventilyatsiya va avtobuslarda sovitish/isitish tizimini yaxshilash (49,1%);
    • eski rusumdagi avtobuslarni harakatlanishdan chiqarish va transport tizimini modernizatsiya qilish (41,7%);
    • jamoat transporti uchun faqat professional haydovchilarni yollash (34,1%).

    Soʻrov ishtirokchilari, shuningdek, jamoat transporti haydovchilarining faoliyati boʻyicha takliflar qoldirgan. Masalan, yoʻlovchilarni tashish vaqtida uyali telefondan foydalangan haydovchilarni jazolash, ularning malakasini muntazam oshirib borish, yoʻlovchilarning fikr-mulohazalari asosida ball tizimini joriy etish, natijasiga qarab mukofotlash yoki jarimaga tortish tizimini yoʻlga qoʻyish, avtobus haydovchilarining “poyga”lar uyushtirishi bilan bogʻliq qoidabuzarliklarni qatʼiy nazorat qilish, xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va hk.

    Soʻrovda qatnashganlar nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish – yoʻlovchilarni audio va vizual formatda xabardor qiluvchi axborot tizimlarini joriy etishni ham taʼkidlagan.

    Muammolarni doimiy aniqlab borish uchun fuqarolar murojaatlarini qabul qiluvchi platformalarni ishga tushirish, uni faollashtirish tavsiya etilgan. Respondentlar orasida metroda ayollar va bolalar hamda qariyalar uchun alohida vagonlarni joriy etishni soʻraganlar ham boʻldi.