“Yuksalish” umummilliy harakati Notarial palata bilan hamkorlik qiladi

    Ijtimoiy hayot 3 Sentabr 2020 1182

    Joriy yil 3-sentyabrda “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Oʻzbekiston Respublikasi Notarial palatasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.


    Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar faoliyatini muvofiqlashtirib borish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, aholining huquqiy bilimlari va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini amalga oshirish ahamiyati taʼkidlandi.

    Memorandumga muvofiq, tomonlar oʻz vakolatlaridan kelib chiqib, quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlik qiladi:

    • soha faoliyatlarini hamda uni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
    • fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish;
    • notarial sohani isloh etish masalalariga turli fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ekspertlar va olimlarni faol jalb etish;
    • notarial soha xodimlarining salohiyati va kasbiy bilimlarini oshirishda xalqaro mutaxassislarni jalb etish, ularda mamlakatimizni rivojlantirishga boʻlgan daxldorlik hissini kuchaytirish;
    • turli mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan konstruktiv va oʻzaro manfaatli hamkorlikni oʻrnatish va rivojlantirish, ular yordamida sohaga oid turli loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish;
    • tomonlarning sohaga oid faoliyatlarini takomillashtirish boʻyicha innovatsion gʻoyalarni ishlab chiqish va ilgari surish, tadqiqot, muhokamalar va televizion munozaralar oʻtkazish, rivojlanishning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun platformalarni tashkil qilish, noformal klublarni tashkil etish, qoʻllab-quvvatlash va boshqalar.

    Memorandum bilan birga “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Notarial palatasi oʻrtasida 2020-2021-yillarda ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ham imzolandi.

    “Yoʻl xaritasi”da aholi, shuningdek, xorijdagi vatandoshlarning huquqiy bilimlari va madaniyatini oshirish, huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida xalq bilan oʻzaro aloqalar mexanizmini yaratish, notariuslar tomonidan bepul maslahatlar berish uchun “Yuksalish va notariat” xayriya tadbirlarini eʼlon qilish va oʻtkazish, ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy soʻrovlar oʻtkazish, notariat sohasida olib borilayotgan islohotlar natijalarini, shuningdek, notariuslar tizimini takomillashtirish boʻyicha rejalashtirilgan strategik tadbirlarni keng yoritish koʻzda tutilgan.

    Yuksalish umummilliy harakati matbuot xizmati.J matbuot xizmati