“Yuksalish”ning mamlakatimizdagi islohotlarni ilgari surishdagi hissasi eʼtirof etildi

    Joriy yil 2-aprelda “Yuksalish” harakatining anjumanlar zalida BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Jamgʻarmaning mamlakatimizdagi doimiy vakili Nigina Abaszade, oʻrinbosari Kamolxon Inomxoʻjayev, gender masalalari boʻyicha mutaxassis Dilora Gʻaniyeva, jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha mutaxassis Nazokatxon Fayzullayevalar ishtirok etdi.

    “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov mehmonlarni tashkilot faoliyati, Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, oʻzgarishlar bilan tanishtirdi.

    UNFPA vakillari ijtimoiy yoʻnaltirilgan loyihalari haqida maʼlumot berdi. Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, qarorlar qabul qilishda bolalar va yoshlar ishtirokiga tizimli yondashuvni taʼminlash, shuningdek, jurnalist va blogerlarni tayyorlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash tashabbuslari shular jumlasidandir.

    Mehmonlar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarni, shuningdek, “Yuksalish”ning mamlakatimizdagi islohotlarni ilgari surishdagi hissasini yuqori baholadi. Harakat fuqarolik jamiyati, davlat idoralari va parlament oʻrtasidagi oʻziga xos “koʻprik”ga aylanib boryapti.

    Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini, shuningdek, oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash va “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish imkoniyatlarini muhokama qildi, deb xabar beradi “Yuksalish” harakati matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: UNFPAning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi 1993-yilda ochilgan boʻlib, mamlakatimizda ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirishda texnik va maslahat yordamini koʻrsatib kelyapti.