Ushbu kitoblar turli yillarda chop etilgan bo‘lib, noyob manba sifatida Abu Rayhon Beruniyning tarix, astronomiya, astrologiya, geodeziya va boshqa fanlar bo‘yicha yaratgan asosiy ilmiy merosini qamrab oladi.
Kutubxona direktori Pem Adama taqdim qilingan kitoblar uchun O‘zbekiston tomoniga chuqur minnatdorlik bildirdi, hamda bu beqiyos asarlar to‘plami YUNESKO kutubxonasida o‘zining munosib o‘rnini topishini taʼkidladi. «Ushbu kitoblar O‘zbekiston bo‘yicha uzoq yillar davomida YUNESKOda yig‘ilgan maʼlumotlar majmuasini yana-da boyitadi va Abu Rayxon Beruniy ulkan ilmiy-maʼnaviy merosini global miqyosda targ‘ib qilishga o‘zining hissasini qo‘shadi»,- dedi u.
Bundan tashqari, kengroq auditoriyani jalb qilish maqsadida Abu Rayxon Beruniy asarlari elektron nusxasini YUNESKO elektron katalogi (UNESDOC)ga joylashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
YUNESKO tomoni zarur bo‘ladigan qo‘shimcha hujjatlar (avtorlik huquqini berish va boshqa masalalar bo‘yicha) ro‘yxatini beradi va ushbu tashabbus birgalikda ishlab chiqiladi.
Taʼkidlash joizki, bu yil YUNESKO bilan hamkorlikda Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini keng nishonlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, joriy yil 4 sentyabr kuni Tashkilotning Parij shahridagi bosh qarorgohida ko‘rgazma va qator madaniy tadbirlarni tashkil qilish rejalashtirilgan.