YUNESKOda Butunjahon turkiy tillar kuni taʼsis etildi

    Shu kunlarda Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasida Butunjahon turkiy tillar kunini taʼsis etish toʻgʻrisida rezolyutsiya qabul qilindi. Bu 15-dekabr kuni etib belgilandi.

    Mazkur hujjatda qayd etilganidek, Butunjahon turkiy tillar kuni eʼlon qilinishi YUNESKOning til va madaniy xilma-xillik, mintaqaviy va global hamkorlik, turkiy xalqlar ogʻzaki merosini saqlab qolish va gʻoyalarini rivojlantirish borasidagi ustuvorliklarini amalga oshirishga yordam beradi.

    Kun tartibiga turkiy tillar haqidagi band Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya va Oʻzbekiston tomonidan hamda YUNESKOga aʼzo 21 ta davlat qoʻllab-quvvatlashi orqali kiritilgan edi. Bu sananing tanlanishi tasodif emas: 1893-yil 15-dekabrda daniyalik olim Vilgelm Tomsen turkiy tillarning koʻp asrlik tarixini tasdiqlovchi qadimiy yozma manbalardan biri, xususan, ozarbayjon, oʻzbek, qozoq, qirgʻiz, turk, turkman tillari mansub turkiy tillar oilasi kelib chiqishiga guvohlik beruvchi Oʻrxun bitiklari alifbosini oʻqishga muvaffaq boʻlganini eʼlon qilgandi.

    Butunjahon turkiy tillari kuni doirasida koʻrgazma, maʼruza, adabiy kecha, badiiy tomosha kabi turli madaniy taqdimot hamda tadbirlar boʻlib oʻtadi. Shu orqali turkiy tilli davlatlarning madaniy xilma-xilligi obyekti sifatida ularning madaniy va ijtimoiy qimmatini namoyish qilinadi. Shuningdek, turkiy tillar oilasining insoniyat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi haqida xabardorlikni oshiradi.

    Turkiy tillar YUNESKOga aʼzo va 12 million kvadrat kilometr maydonda istiqomat qiladigan 200 milliondan ziyod aholining ona tili sanaladi.