YUNESKOda O‘zbekiston madaniy merosi taqdim etildi.

    2004-yildan beri Parijda oʻtkazib kelinayotgan navbatdagi koʻrgazmada 60 mamlakatdan 120 dan ortiq modelyerlar toʻplamlari namoyish etildi.

    YUNESKO bosh qarorgohida “Oriental Fashion Show 2023” tadbiri ishtirokchilarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Mazkur tadbir doirasida Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi va YUNESKOdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan “Route De La Soie Et Al-Andalus” uyushmasi bilan hamkorlikda mamlakatimiz boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyatiga bagʻishlangan videorolik taqdim etildi.

    Unda, xususan, Samarqandning diqqatga sazovor joylari, nomoddiy madaniy merosning noyob elementi boʻlgan soʻzananing yaratish texnologiyasi, shuningdek, Parij moda haftaligi doirasida oʻtkazilgan “Oriental Fashion Show 2023” koʻrgazmasida 24-25-yanvar kunlari muvaffaqiyatli namoyish etilgan oʻzbek dizaynerlarining kolleksiyalari haqida hikoya qilingan.

    “Oriental Fashion Show 2023” koʻrgazmasi tashkilotchisi, “Route De La Soie Et Al-Andalus” uyushmasi prezidenti Hind Joudar Oʻzbekiston shaharlari boʻylab qilgan sayohati chogʻida oʻzbek madaniyati va anʼanalarining rang-barangligi va betakror goʻzalligi unda katta taassurot qoldirganini taʼkidladi.

    “Oriental Fashion Show” koʻrgazmasini Oʻzbekistonga olib borish va Samarqand markazidagi Registon maydonida ushbu muhtasham tadbirni tashkil etish mening eng ezgu orzumdir», dedi Hind Joudar.

    “Oriental Fashion Show” Sharq mamlakatlari modasi va tikuvchilik mahoratiga bagʻishlangan dunyodagi birinchi xalqaro koʻrgazmadir. 2004-yildan beri Parijda oʻtkazib kelinayotgan navbatdagi koʻrgazmada 60 mamlakatdan 120 dan ortiq modelyerlar toʻplamlari namoyish etildi.

    Anjuman tashkilotchilari koʻrgazma namoyishlarini Parij, London, Milan, Nyu-York, Moskva, Sankt-Peterburg, Istanbul, Boku, Quvayt, Doha, Marokash, Dubay va dunyoning boshqa shaharlarida muntazam tarzda uyushtirib keladi.