UNICEFning mintaqaviy direktori bilan hamkorlik istiqbollari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 9 Oktabr 2023 1569

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva 2023-yil 9-oktyabrda mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamgʻarmasining (UNICEF) Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va UNICEF oʻrtasidagi hamkorlikning muhim jihatlari koʻrib chiqildi, aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan takliflar muhokama etildi.

    Keyingi yillarda Oʻzbekistonning BMT institutlari, xususan UNICEF bilan munosabatlari faollashgani, mamlakatimizda qator yirik qoʻshma tadbir va loyihalar amalga oshirilayotgani, bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, jumladan, ularning sifatli taʼlim-tarbiya olishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar samarasini taʼminlashda tuzilmaning oʻrni alohida ekani qayd etildi.

    Muloqot davomida perinatal salomatlik, bolalar oʻsishi hamda rivojlanishi holatini oʻrganishga oid 2024–2025-yillarda Oziqlanish boʻyicha ikkinchi milliy tadqiqotni oʻtkazish, bolalarda irsiy kasalliklarning oldini olish va davolash samaradorligini oshirish, shuningdek, bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish borasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.

    Taʼlim, inklyuziv taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimlarining huquqiy-institutsional asoslarini takomillashtirish borasida ham fikr almashildi.

    UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida multiindikator klaster kuzatuvlari (MICS)ni oʻtkazish qamrovini yanada kengaytirish hamda ushbu tadqiqotga mutasaddi davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini yanada keng jalb etish yuzasidan saʼy-harakatlarni birlashtirishga kelishildi. Shuningdek, BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini ijro etish boʻyicha milliy harakatlar rejasini yaqin fursatda qabul qilish zaruratiga ham alohida eʼtibor qaratildi.

    Uchrashuv yakunida Oʻzbekistonning UNICEF bilan konstruktiv hamda samarali hamkorligini amaliy loyihalar bilan mustahkamlashga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.