Yunon-rum kurashi: Alisher Gʻaniyev tarixiy gʻalabani qoʻlga kiritdi

    Shu kunlarda Albaniyada davom etayotgan U23 yosh toifasidagi jahon chempionatining yunon-rum kurashi bahslari poyoniga yetdi.

    Ushbu jahon chempionatining yunon-rum kurashi bahslarida terma jamoamiz aʼzosi Alisher Gʻaniyev Oʻzbekiston yunon-rum kurashi tarixida ilk bor ushbu yosh toifasida jahon chempionligiga erishdi.

    Bugun va erta jahon chempionatida ayollar kurashi musobaqalari oʻtkazilsa, 26-oktyabr kuni erkin kurash bellashuvlariga start beriladi. Aynan shu kuni hamyurtimiz Umidjon Jalolov -65 kilo ogʻirlikda jahon chempionati bahslariga kirishadi.

    – Oʻtgan yili 20 yoshgacha boʻlgan kurashchilar oʻrtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qoʻlga kiritgandim. Shundan beri chempionlik yoʻlida qattiq mehnat qildim. Bu yilgi Osiyo chempionatida sovrinli oʻrinlarga koʻtarila olmagan boʻlsam-da, asosiy eʼtiborimni jahon chempionatiga qaratgandim. Shukur, maqsadimga erishdim. Oʻylaymanki, bu yanada yuqori natijalarga erishishda katta ruhiy quvvat boʻladi, – deydi Alisher Gʻaniyev.

    Jahon chempionati 27-oktyabrga qadar davom etadi.