Ekskavator quvurga shikast yetkazishi oqibatida Yunusobod tumanida gaz taʼminoti vaqtincha toʻxtatildi, deya xabar beradi «Hududgaztaʼminot«.
Maʼlum qilinicha, shu yilning 13-noyabr kuni Toshkent shahrida taʼmirlash ishlarini olib borayotgan ekskavator Yunusobod tumani 2-daha 40-uy yonidan oʻtgan oʻrta bosimli yer osti gaz quvuriga shikast yetkazgan. Oqibatda gaz sizib chiqish holati kuzatildi.
Shu bois, Yunusobod 2-dahadagi 47 ta koʻp qavatli xonadon, 10 ta ulgurji isteʼmolchi, Yunusobod 3-dahadagi 26 ta koʻp qavatli xonadon, 12 ta ulgurji isteʼmolchi va Malikov koʻchasidagi 40 ta yerli xonadonda gaz taʼminoti vaqtincha toʻxtatildi.
Ayni vaqtda “Hududgaz Poytaxt” gaz taʼminoti filiali xodimlari tomonidan taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Taʼmirlash ishlari yakunlanganidan keyin gaz taʼminoti qayta tiklanadi.