Yunusobod tumanidagi maktablardan birida jonsiz chayon topildi

    Mutasaddilar holat bo'yicha rasmiy munosabat bildirdi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda YUnusobod tumanidagi 260-maktab o'quvchilari sinfxonalarning biridan chayon topgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

    Holat boshqarma Ishchi guruhi tomonidan o'rganilgan. Aniqlanishicha, 6-oktyabr kuni 260-maktabda taxminan soat 10:20 larda yuqori sinf o'quvchilari sinfxonada emas, koridorda jonsiz chayon topib, videotasvirga olgan va ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan.

    O'rganishlar chog'ida aniqlanishicha, maktabning 9-sinf o'quvchisi R.A. o'zi bilan qog'oz qutida maktabga jonsiz chayon olib kelgan va maktabdoshlariga hazillashish maqsadida chayonni koridorda qoldirgan. Bu xatti-harakati uchun o'quvchi R.A. bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. Shuningdek, bunday hol takrorlanmasligini oldini olish maqsadida maktab o'quvchilari bilan IIB inspektor-psixologi ishtirokida profilaktik suhbat o'tkazilgan.

    7-oktyabr kuni Yunusobod tumani Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi mutaxassislari jalb etilib, maktab oshxonasi, sport zali, koridorlar hamda sinfxonalarida turli hasharotlarga qarshi dezinfeksiya va dezinfeksiya ishlari amalga oshirilgan.