Toshkent shahar IIBBning ushbu hodisa yuzasidan bergan maʼlumotiga koʻra, transport vositasi boshqaruvchisi — 1990-yilda tugʻilgan Z.R. hamda yoʻlovchilar — 1996-yilda tugʻilgan J.Y. va 1995-yilda tugʻilgan J.I. shifoxonaga yotqizilgan. 1994-yilda tugʻilgan X.S. esa voqea joyida vafot etgan. Sogʻliqni saqlash vazirligi avtohalokatga uchragan uch nafar bemorning holati yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.
Poytaxtimizdagi davolash muassasasiga olib kelingan avtomashina boshqaruvchisi Z.R.ga “Bosh miya ochiq jarohati. Bosh miya lat yeyishi. Bosh tepa sohasining ezilib yirtilgan jarohati. Chap yelka sohasi yumshoq toʻqimalari lat yeyishi. Koma 1-2 daraja” tashxisi qoʻyilgan.
Tibbiyot xodimlari tomonidan bemor boshidagi jarohatga birlamchi jarrohlik ishlovi berilgan. Ogʻriqsizlantirilib, IVL appartiga ulangan. Bosh qismi MSKT, ichki aʼzolari esa UTT kabi barza zaruriy tekshiruvlardan oʻtkazilgan. Ayni paytda Z. R. jonlantirish boʻlimida. Sunʼiy nafas olish apparatiga ulangan. Unga barcha tegishli tibbiy muolajalar koʻrsatilmoqda.
Shuningdek, “Bosh miya ochiq jarohati. Bosh miya lat yeyishi. Bosh tepa sohasining ezilib yirtilgan jarohati. Koʻkrak qafasi lat yeyishi” diagnozi qoʻyilgan yoʻlovchi J.Y. ham jonlantirish boʻlimida zarur davo muolajalarini olmoqda. Uning ahvoli oʻrta ogʻir. Xushida. Bemor J.I da esa “Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya chayqalishi. Chap tomon yuqori qovoq, oʻng tomon jagʻ osti va boʻyin sohalari ezilib yirtilgan jarohatlari” aniqlangan. Unga tegishli tibbiy yordam koʻrsatilib, zarur muolajalar oʻtkazilgach, ahvoli qoniqarli boʻlgani uchun ambulator sharoitda davolanishi uchun uyiga javob berildi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi ayni paytda bemorlar salomatligini oʻz nazoratiga olgan. Muolaja jarayonlari uchun yetakchi tibbiyot mutaxassislari jalb qilingan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati