Yunusoboddagi ishlab chiqarish sexida yongʻin sodir boʻldi

    Yongʻin vaqtida hech kim jabrlanmagan.

    Bugun, 14-iyul kuni ertalab soat 07:39 da Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Ahmad Donish koʻchasida joylashgan ishlab chiqarish sexlaridan birida yongʻin chiqqani haqida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushdi.

    Hodisa joyiga 6 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji yetib borgan va soat 08:14 da alanga qurshab olingan. Yongʻin soat 08:51 da butunlay oʻchirilgan.

    Yongʻin vaqtida hech kim jabrlanmagan. Hodisa joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati, shahar va tuman FVB rahbar xodimlari yetib borib, vaziyatni nazoratga olgan.

    Hozirda yongʻinning kelib chiqish sabablari va yetkazilgan zarar miqdori oʻrganilmoqda.

    Maʼlumot uchun, kecha Yunusobod tumani 8-dahasida joylashgan, koʻp qavatli uylarning birida ham yongʻin chiqgan edi.