2021-yilning 1-dekabr sanasidan yangi 190-sonli “Mashinasozlar metrosi ASHB — Yangibozor ASHB” avtobus yo'nalishi tashkil etilmoqda. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Masofasi 20,1 km bo'lgan ushbu yo'nalishga yangi xarid qilingan o'rta sig'imli 10 ta transport vositalari biriktirilgan holda 11 daqiqalik oraliq interval bilan harakatlanadi.

Avtobuslar Mashinasozlar metrosi avtoshohbekatidan Taraqqiyot 2-tor, Mahtumquli, 4R12, Mustaqillik ko'chalari orqali Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanining Yangibozor shaharchasi markazidagi avtoshohbekatga qadar boradi.

Ushbu yo'nalish Yangibozor shaharchasini Toshkent shahri bilan bog'lash, Toshkent shahrining Mirzo Ulug'bek tumaniga Toshkent viloyatidan qo'shilgan hududlarni jamoat transporti bilan ta'minlash, yangi barpo etilgan “Yangi O'zbekiston” bog'iga shahar va shahar atrofi aholisining tashrif buyurishlariga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilmoqda, deyiladi xabarda.