Yuqumli kasalliklarning oldini olishda yagona vosita emlashdir

    Mamlakatimizda Milliy taqvim asosida 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash ishlari o‘tkaziladi.

    Yuqumli kasalliklar — patogen mikroorganizmlarning inson organizmiga kirib ko‘payib, zararli ta’sir ko‘rsatishi natijasida yuzaga keladigan kasalliklardir. Yukumli kasallik har qanday odam organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Patogen mikroorganizmga karshi kurashish uchun insonning immunitet tizimi yuqoriligi katta ahamiyatga ega. Mamlakatimizda Milliy taqvim asosida 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash ishlari o‘tkaziladi.

    Emlash bu — ma’lum bir kasallikka qarshi immunitetni oshiradigan biologik preparat. Vaksina zaiflashgan yoki kasallik chaqiradigan mikroorganizmlardan tayyorlanadi. Agent tananing immun tizimini uni begona sifatida aniqlashga, yo‘q qilishga va “eslab kolishga” undaydi, bu esa immunitet tizimiga kelajakda duch keladigan har qanday mikroblarni osonroq aniqlash va yo‘q kilish imkonini beradi. Vaksinaning o‘zi kasallik keltirib chikarishga qodir bo‘lmasa ham, tananing immunitet tizimi unga virus bordek munosabatda bo‘ladi. Xalqaro tajribadan ma’lum bo‘ldiki, emlashlarning keng qo‘llanilgani sababli, polimiyelit, qizamiq, difteriya, ko‘k yo‘tal, parotit, qoqshol va meningitning ba’zi turlari kabi keng tarqalgan kasalliklar hozirda kamdan-kam uchraydi. Emlangan odamlarda kasallik qo‘zg‘atuvchi virus yoki bakteriyalarni zararsizlantiradigan antitanachalar paydo bo‘ladi. Ularning kasallikka chalinishi hamda mikroblarni tarqatish ehtimoli juda kam bo‘ladi.

    Butun dunyoda va shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ham kompleks profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlarning maqsadli amalga oshirilishi natijasida yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishda katta yutuqlarga erishildi.

    Bola tug‘ilishi bilan tug‘ruq komplekslarida chaqaloqning yuqumli kasalliklarga karshi emlanishi nazoratga olinadi. Chaqaloq tug‘ilishining birinchi kunida virusli gepatit “V” kasalligiga karshi vaksinasi, 2-5 kunida sil kasalligiga karshi BSJ vaksinasi bilan emlash olib boriladi. Shu tariqa tibbiyot xodimlari tomonidan bola Milliy kalendar asosida to‘liq emlanishi ta’minlanadi.

    COVID-19ga qarshi kurashishda, mamlakatimizda epidemik holatini barqarorlashtirishda COVID-19 ga qarshi vaksinalarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etdi.

    Hozirgi kunga kelib bu kasallikning qayd kilinishi keskin kamaygan. Bu natijaga erishishda COVID-19 ga qarshi vaksina hamda buster doza bilan emlash ishlarining ahamiyati katta.

    Muxtasar aytganda, emlash nafaqat yuqumli kasalliklar bilan kasallanish ehtimolini pasaytiradi, balki aholi o‘rtasida epidemiya, pandemiyani oldini olib, inson umrini uzaytirishga xizmat qiladi.

    Shahnoza Ahmedova,

    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining

    Toshkent shahar boshqarmasi Yunusobod tuman bo‘limi epidemiolog-immunologi