Yurak yetishmovchiligi qanday xastalik?

    Salomatlik 19 Iyun 2021 23232

    Yurak mushaklari kerakli miqdordagi qonni quyish uchun zarur boʻlgan energiyani ishlab chiqara olmay qolishi yurak yetishmovchiligi kasalligi hisoblanadi. U keng tarqalgan yurak qon-tomir xastaliklaridan biri.

    Statistik maʼlumotlarga koʻra, yurak yetishmovchiligi kasalligiga chalinish xavfi ayollarga nisbatan erkaklarda bir yarim barobar ortiq ekan. Xoʻsh, ushbu kasallikning turlari, belgilari, davolash usullari qanday?

    Shu kabi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Xurshid Fozilov javob berdi.

    — Yurak chap qorinchasidan kislorodga boy qon tanadan organlarga pompalanadi hamda ularni kislorod va oziq moddalar bilan taʼminlaydi. Organlarga yetkazib berilgandan soʻng, kislorod miqdori past boʻlgan qon tanadan yurakning oʻng tomoniga, u yerdan oʻpkaga yetkazilgan joyga qaytadi. Oʻpkada qon kislorod bilan boyitiladi, shunda u yana chap qorincha orqali butun tanaga quyilishi mumkin.

    Yurak yetishmovchiligida yurakning nasos funksiyasi zaiflashadi. Odatda, yurakning oʻng tomoni (oʻng tomonlama yurak yetishmovchiligi) yoki yurakning chap tomoni (chap tomonlama yurak yetishmovchiligi) taʼsirlanadi.

    Progressiv yurak yetishmovchiligida yurakning ikkala tomoni taʼsirlanishi (global yurak yetishmovchiligi) ham kuzatilishi mumkin.

    Kasallikning qanday kechishi yurakning qaysi qismida yuzaga kelganiga qarab, chap tomonlama, oʻng tomonlama, global, sistolik, diastolik, surunkali oʻtkir yurak yetishmovchiligi kabi turlarga boʻlinadi.

    — Yurak yetishmovchiligiga sabab boʻluvchi omillar qaysilar?

    — Yurak yetishmovchiligi bir qator kasalliklarning salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelishi mumkin. Xususan, surunkali yurak yetishmovchiligining eng keng tarqalgan sababi bu — koronar arteriya kasalligi hisoblanadi. Bu kasallik koronar tomirlarning (koronar arteriyalar) torayishi natijasida paydo boʻladi.

    Shuningdek, yuqori qon bosimi (gipertoniya) odamlarning deyarli 20 foizida yurak yetishmovchiligini yuzaga keltiradi. Yuqori qon bosimi yurak ishini doimo qiyinlashtiradi. Yurak uzoq vaqt davomida qoʻshimcha stress ostida ishlay olmaydi va shuning uchun tanazzulga uchraydi.

    Yurak urishi tezligi pasayishi bradikardiya yoki aksincha uning tez urishi taxikardiya ham yurak yetishmovchiligini yuzaga keltirishi mumkin. Bundan tashqari, irsiy kasalliklar, homiladorlik, autoimmun kasalliklari, alkogol, giyohvandlik yoki dorilar, qalqonsimon bezning haddan tashqari faolligi va metabolik kasalliklar (qandli diabet) ham yurak yetishmovchiligiga sabab boʻladi.

    — Kasallikning asosiy belgilari qaysilar?

    — Yurak yetishmovchiligining har bir turi turli xil alomatlarga ega va alomatlar intensivligi bilan farq qilishi mumkin. Biroq, yurak yetishmovchiligining asosiy alomati jismoniy mashqlar paytida yoki dam olish paytida nafas olishning qiyinlashishidir. Ogohlantirish belgilariga esa yengil kuch sarflanganda terlash, tekis yotish mumkin imkonsiz boʻlib qolishi, koʻkrakda siqilish paydo boʻlishi yoki oyoqlar shishishi kiradi. Ushbu belgilarni oʻzingizda sezsangiz, tezda oilaviy shifokoringiz yoki kardiolog mutaxassisga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi. Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.