Buning asosiy sabablari  tashqi muhitning o'zgarishi, aholi o'rtasida kamharakatlilik, jismoniy va ruhiy zo'riqish, noto'g'ri ovqatlanish — ratsionda hayvon yog'lari ko'p bo'lgan mahsulotlarni ko'p iste'mol qilish, chekish va spirtli ichimliklarga ruju qo'yish. Ushbu omillar yurak-qon tomir kasalliklarining aholi orasida keng tarqalishiga va yosharib borayotganiga asosiy sabab sifatida ko'rsatish mumkin.

Yurak-qon tomir kasalliklarining asosiy belgilari — qonda xolesterin miqdorining ortib ketishi, qon tomir devorlarida xolesterin tiqilmalarining paydo bo'lishi oqibatida tomir ichining torayib qolishi, qonning quyuqlashishi, to'qimalarga qon bilan keladigan oziq moddalar va kislorod oqimining pasayishi hamda hujayralarning kislorodga bo'lgan ehtiyojining oshib ketishi bilan namoyon bo'ladi.

Agar yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan bemorlar koronavirus infektsiyasi bilan og'rib, o'pka pnevmoniyasi kuzatilganda hamda qon quyuqlashib ketganda, yuqorida keltirilgan kardiologik kasallik belgilari zo'rayib ketadi.

Ko'pincha bemorlarda yurak-qon tomir kasalliklarining asoratlari oqibatida o'lim holatlari kuzatiladi. Ya'ni, koronavirus yuqtirib olgan bemorlarda o'tkir miokard infarkti, bosh miya insul`ti, yurak etishmovchiligi holatlari yuzaga kelib, virus infektsiyasining og'ir kechishiga sabab bo'ladi.