Maʼlum boʻlishicha, Denov shahrida yashagan, 1961-yilda tugʻilgan marhum bemor B.X. soʻnggi 5 yildan buyon ikki tomonlama oʻpkaning oʻtkir bronxopnevmoniyasi tashxisi bilan davolanib kelgan. Shu yilning 19-iyun kuni bemor (ayol) murojaatiga koʻra, olingan namunada koronavirus infeksiyasi mavjudligiga gumon qilingan va bemor tez yordam mashinasida tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Shifoxonada bemorga “Ikki tomonlama oʻtkir bronxopnevmoniya. Oʻtkir yurak va oʻpka yetishmovchiligi ogʻir darajasi, koronavirus infeksiyasiga gumon” tashxisi qoʻyilgan. Bundan tashqari, bemorda “Oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalligi, surunkali piyelonefrit, kamqonlikning oʻrta ogʻir darajasi” yondosh kasalliklar tashxisi ham qoʻyilgan.

Bemorga koʻrsatilgan tezkor tibbiy yordam va reanimatsion muolajalarga qaramasdan u yurak-qon tomir va oʻpka yetishmovchiligidan vafot etgan.

Respublika sanitariya-epidemilogik osoyishtaligi agentligining  maxsus referens laboratoriyasi xulosasiga koʻra, marhumdan olingan namunada  koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. U bilan muloqotda boʻlgan oila aʼzolari, yaqinlari va boshqa fuqarolar qatʼiy karantinga olingan boʻlib, ushbu holat yuzasidan epidemiologik surushtiruv ishlari olib borilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi 
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.