Samarqand viloyati kardiologiya dispanserida o'tgan yil investitsiya dasturi asosida 12 milliard so'mlik qurilish-rekonstruktsiya ishlari amalga oshirilib, kardioreanimatsiya, kardioxirurgiya, oritmologiya, orterial potologiya kabi oltita yangi bo'lim ochildi. 100 qatnovli poliklinika, 220 o'rinli, barcha qulayliklarga ega bo'lgan statsionar davolash markazi tashkil etildi.

Shu bilan birga markazga 2020-yil va joriy yilning o'tgan davri mobaynida 20 milliard so'mlik zamonaviy tibbiy uskunalar keltirilib, yurak qon-tomir xastaliklari bilan bog'liq murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish yo'lga qo'yildi. Bu ishni Maqsud Saidov boshchiligidagi xorijda ishlab, malaka oshirgan va bugun yurtimizga taklif etilib, ishlashi va yashashi uchun chet eldagidan kam bo'lmagan shart-sharoit yaratib berilgan o'zimizning 15 nafar yosh mutaxassis tomonidan bajarmoqda.

   —Mamlakatimiz tibbiyotida yangilanishlar boshlanib, xorijda ishlayotgan mutaxassislar kabi men ham yurtimizga taklif etildim, —deydi Maqsud Saidov. — Samarqand viloyati bolalar ko'p tarmoqli tibbiyot markazida kardioxirurgiya bo'limi ochish va bolalarda uchraydigan yurak xastaliklarini jarrohlik yo'li bilan davolash bo'yicha loyihaga qo'l urildi. Rahbarlarga agar zarur tibbiy uskunalarni olib berishsa, yurakda ochiq operatsiyalarni amalga oshirishga va'da berdim. Viloyat hokimligi, Sog'liqni saqlash vazirligi va boshqarma qo'llab-quvvatlab, imkoniyat yaratdi. Kerakli uskunalar keltirilgach, may oyida ilk jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o'tkazdik. Hokimlik uy-joy va boshqa sharoitlarni yaratib berishni va'da qilgach, Moskvadagi Bakulev nomidagi yurak qon-tomir xirurgiyasi institutida ishlayotgan yana ikki nafar hamkasbim  — Ikrom Mallayev va Mirzohid Temirovni shu erga taklif qildim va birgalikda ishlay boshladik. So'ngra yana boshqa yurtdoshlarimizni chaqirdik. Shuncha o'qib, o'rganganimizni Vatanimizda qo'llamasak, xalqimizga xizmat qilmasak, kim degan odam bo'lamiz?!

Ikki yil ichida markazda samarqandlik va qo'shni viloyatlardan kelgan, tug'ma yurak nuqsoni bilan tug'ilgan 1000 nafardan ortiq bola yuragida jarrohlik amaliyoti bajarildi. Ularning 800 nafari butunlay darddan forig' bo'lib, nogironligi oldi olindi. Qolgan bemor bolalarda ayni paytda reabilitatsiya jarayoni davom etmoqda. Ular ham albatta, sog'ayib ketadi.

Ana shu natijalar, xorijda malaka oshirib kelgan  mutaxassislarimizning tajribalariga tayanilgan holda o'tgan yil Samarqand viloyati kardiologiya dispanseri faoliyatini takomillashtirishga kirishildi. Kattalarda uchraydigan yurak xastaliklarini ham zamonaviy uslublar asosida kardioxirurgik yo'l bilan davolash uchun bu yerda zarur shart-sharoit yaratildi. Muassasa rahbarligiga esa Maqsud Saidov tayinlandi.

Samarqand viloyat kardiologiya dispanserida 220 ming kishi turli xil yurak xastaliklari bilan ro'yxatda turadi. Ana shu fuqarolarning 10 ming nafari kardioxirirurgiyaga muhtoj. Iqtisodiy imkoniyati etadiganlari shu paytgacha xorijga borib bo'lsa-da jarrohlik amaliyotini o'tkazgan yoki bugun oddiy bo'lib qolgan tomiriga stent qo'ydirib kelgan.

– Dispanserda yangi bo'limlar ochilib, zamonaviy jihozlar bilan ta'minlangach, barcha qulayliklarga ega bo'lgan statsionar davolash markazi tashkil etilgach, o'zimizda imkoniyatlar paydo bo'ldi, – deydi muassasa direktori o'rinbosari, Sankt-Peterburgdagi I.Janelidze nomidagi shoshilinch tibbiy yordam ilmiy tadqiqot institutida ishlab kelgan kardiolog Rustam Qo'shnazarov. – Hozir yuqori texnologik murakkab yurak jarrohlik amaliyotlari to'liq o'zimizda bajarilmoqda. Yurakka stent qo'yish, yurak ritmning murakkab buzilishini jarrohlik yo'li bilan tiklash hamda ochiq yurakda jarrohlik amaliyotlari o'tkazilishi yo'lga qo'yildi. Shu paytgacha 400 ta murakkab operatsiya bajardik va barchasi muvaffaqiyatli o'tdi. Bu bemorlar faqat Samarqanddan emas, qo'shni viloyatlardan ham kelyapti. Shifoxonamiz mintaqaviy markazdek bo'lib qoldi. Hatto yaqin qo'shni davlatlardan ham bemorlar murojaat qilmoqda. O'tgan yil dekabr oyi va joriy yil boshidan buyon 34 nafar chet ellik bemorlarni operatsiya qildik.

Ma'lumotlarga ko'ra, Samarqandda bir yilda 3000 kishi miokard-infarkt bo'lar ekan. Samarqand shahrining o'zida yiliga 700 nafar shunday bemor qayd etiladi.

– Endi infarkt bo'lgan kishilarni jarrohlik usuli bilan davolab, 96 foizini sog'aytirish imkoniyatimiz bor, – deydi Maqsud Saidov. – Bemor shifoxonagacha kelsa bas, uni sog'aytira olamiz. Xorijga borishga, vaqt va katta mablag' sarflashga hojat yo'q. Infarkt tufayli o'lim yoki nogironlik holatlari keskin kamayadi. Bemorda asorati qolmaydi.

O'tgan yili yana to'rt nafar yosh mutaxassisimiz “El-yurt umidi” jamg'armasi orqali chet elda malaka oshirib keldi. Ochiq operatsiyalarni ham, tomir orqali bajariladigan yopiq operatsiyalarni ham zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshiramiz. Chet eldan kelgan mutaxassislarning barchasini uy-joy bilan ta'minlayapmiz. Oylik maoshi ham xorijda oladigan darajaga etib qoldi.

Muassasada yaqinda Samarqand davlat tibbiyot institutining uchta kafedrasi uchun joy ajratildi. Endi bo'lajak shifokorlar shu yerda malakali mutaxassislardan nazariy bilimlar bilan birga amaliyotni ham o'rganadi. Zaruratga qarab, ular ham xorijda malaka oshirishga yuboriladi.

Akram HAYDAROV,

jurnalist