Rasmiy diplomatiyaning ajralmas qismi va uning muhim qoʻshimchasiga aylanib borayotgan xalq diplomatiyasi soʻnggi yillarda tobora faollashmoqda. Maʼlumki, xalq diplomatiyasi faoliyati - jamoat tashkilotlari va birlashmalari, birodarlashgan shaharlar darajasidagi aloqalar, ijtimoiy-siyosiy harakatlar, xalqaro nodavlat tashkilotlari bilan munosabatlar hamda madaniy, ilmiy, taʼlim dasturlarini amalga oshirishdagi hamkorlikni oʻz ichiga oladi. Keyingi paytlarda bu hamkorlik davlatning xalqaro aloqalarini kengaytirishda noyob vosita boʻlib xizmat qilmoqda.
Bunday hamkorlik faqat davlat organlari tomonidan emas balki insonlarning oʻzlari va ularning eng faol vakillari tomonidan amalga oshiriladi. Xalq diplomatiyasi rasmiy davlat diplomatiyasiga nisbatan qator afzalliklarga ega. U rasmiy hamkorlik hukumat darajasida muvaffaqiyatsizlikka uchragan hollarda ham butun dunyodagi odamlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va hamkorlikni saqlab qolishga imkon beradi. Uning yordamida nafaqat madaniyat sohasida, balki ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda ham oʻziga xos manfaatlarga ega insonlar ishtirok etadigan turli loyihalarni amalga oshirish mumkin.
Bunda insonlar oʻz his-tuygʻularini ancha keng va chuqur ifoda etish imkoniyatiga ega boʻladilar. Uni “yurakdan-yurakka intiluvchi” diplomatiya deb ham bejizga aytishmaydi.
Bunda jamoat tashkilotlarining saʼy-harakatlari juda muhim, chunki xalq diplomatiyasi xalqlar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashda eng yaxshi usul boʻlib, jamoat tashkilotlari va umumiy manfaatlar bilan birlashtirilgan oddiy odamlar hisobiga rivojlanadi.
Davlatimiz rahbari shu yil yanvar oyidagi Oliy Majlisga Murojaatnomada Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan munosabatlarni rivojlantirish — Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qolishi va tashkilot doirasida faoliyatimiz samarasini yana-da oshirishimiz zarurligini taʼkidlagan edi.
Mana 2 yildirki Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi bu vazifani muvaffaqiyatli amalga oshirib, tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch, oʻzaro manfaat, tenglik, maslahat, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmat, birgalikda rivojlanishga qaratilgan faoliyatini yuritib kelmoqda.
Xorijiy davlatlar jamoat tashkilotlari, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari bilan madaniyat, taʼlim, fan va texnika sohalarida koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator tadbirlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, Xitoyning yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik qoʻmitasi bilan madaniy-gumanitar sohadagi ikki tomonlama samarali hamkorligi koronavirus pandemiyasining hozirgi murakkab sharoitida ham faol davom etib kelmoqda.
Qoʻmita tomonidan markazga yuborilgan insonparvarlik yordami, hamkorlikda oʻzbek tilida nashrga tayyorlangan - “Sakkiz elning sakson sakkiz ertagi” va “Sakkiz elning son-sanoqsiz oʻgiti” kitoblari hamda “SHHT mamlakatlarining pochta markalari” esdalik albomining chiqarilishi ushbu hamkorlikning yorqin dalili hisoblanadi.
Shuningdek, Oʻzbekiston-Rossiya davlatlari oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning misoli sifatida Markaz tomonidan Sankt-Peterburgda fashizm ustidan qozonilgan gʻalaba kuni arafasida "Xalq xotirasi muqaddas” deb nomlangan arxiv fotosuratlar koʻrgazmasi oʻtkazilishini taʼkidlash joiz. Unda «Oʻzarxiv» agentligi tomonidan taqdim etilgan urush paytida Leningrad ostonasida jang qilgan va halok boʻlgan hamyurtlarimiz hamda mamlakatimizga evakuatsiya qilingan shahar aholisi arxiv suratlari aks etdi. Shuningdek, koʻrgazma doirasida “Sen yetim emassan”, “Leningradliklar farzandlarim” va “41 yil olmalari” badiiy filmlari ham namoyish etildi.
Uchrashuvlar va muloqot paytida Sankt-Peterburgning yoshi katta aholisi hali ham urush va evakuatsiya yillarini, Oʻzbekistonni umumiy gʻalabaga qoʻshgan hissasini yaxshi eslashlari, ammo yosh avlod oʻsha yillardagi voqealar haqida juda kam maʼlumotga ega ekanligi maʼlum boʻldi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbir yosh avlodga umumiy tarixni yana bir bor yodga solib, oʻzaro hurmat va doʻstlik tuygʻusini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Yoshlar oʻrtasida xalq diplomatiyasi tushunchalarini shakllantirish, xalqlar orasida doʻstlik rishtalarini mustahkamlash va manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, milliy va anʼanaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, dunyo xalqlarining urf-odatlari va anʼanalarini yaxshiroq oʻrganish maqsadida, Markaz tomonidan yurtimiz oliy oʻquv yurtlari talabalari orasida “Xalq diplomatiyasi – sayyorada tinchlik sari yoʻl” mavzusida insholar onlayn koʻrik tanlovi oʻtkazildi. 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan mazkur tanlov gʻoliblari esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Bir soʻz bilan aytganda, yurtimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining rolini oshirishda oʻta muhim tuzilma boʻlgan Jamoatchilik palatasi “xalq diplomatiyasi” institutini rivojlantirishda asosiy vositalardan biri boʻlib xizmat qiladi.
Prezident tashabbusi bilan tuzilgan bu institut yurtimizda barcha sohalarda jadal islohotlar amalga oshirilayotgan bugungi jarayonlarda “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan gʻoyani amalda roʻyobga chiqarish uchun muhim huquqiy asos boʻlishi shubhasiz.
Qobiljon SOBIROV,
Oʻzbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi
Markazi rahbari