Shu jumladan, yuridik ta’lim va fanni rivojlantirishga ham alohida e’tibor berib kelinmoqda. Bu borada Davlat rahbarining bir qator farmon va qarorlari qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi PF–5987-son va 2024-yil 24 maydagi PF–80-son farmonlari, 2017-yil 28-apreldagi PQ–2932-son va 2018-yil 13-apreldagi PQ–3666-son qarorlari bunga misol bo‘la oladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–232-son Farmonining qabul qilinishi yuridik ta’lim va fanni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Asosiy maqsad va ustuvor yo‘nalishlar

Farmonda yuridik ta’lim va ilm-fan rivojlanishida erishilishi lozim bo‘lgan quyidagi ustuvor vazifalar va yo‘nalishlar belgilab berildi:

Birinchidan, yuridik ta’lim jarayonlarining amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlashga qaratilgan amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyilini joriy etish.

Ikkinchidan, yuridik ta’lim tizimida ta’lim – tadqiqot – amaliyot integratsiyasini yo‘lga qo‘yish, boshqaruvda akademik-kollegial yondashuvlarni yanada kengaytirish.

Uchinchidan, yuridik ta’lim samaradorligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish.

To‘rtinchidan, Toshkent davlat yuridik universitetining (keyingi o‘rinlarda — Universitet) 2030 yilga qadar nufuzli Quacquarelli Symonds reytingida huquq sohasi bo‘yicha yuqori 1 000 talik universitetlar ro‘yxatiga kirishini ta’minlash.

 Ta’lim endi faqat auditoriya bilan cheklanmaydi.

2026/2027 o‘quv yilidan boshlab universitetda tajriba tariqasida amaliy o‘qitish hamda klinik va dual ta’lim tamoyili asosida ta’lim olish tizimi joriy etiladi. Ushbu tizimni amalga oshirish mexanizmlari ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalari uchun yuridik ta’lim dasturlarining 50 foizi (nazariy qismlari) auditoriyalarda, 50 foizi (amaliyot qismi) sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, advokatura, konsalting va sohaga doir boshqa tashkilotlarda, shuningdek, yuridik klinikada klinik seminarlar o‘tkazilishini hamda ta’lim dasturlarining nazariy qismlarini amaliy misollar asosida o‘qitish (problem-based learning) orqali talabada muammoli vaziyatni tahlil qilish va xulosa chiqarish kabi “yumshoq” ko‘nikmalar (soft skills) hamda nazariy bilimlarni shakllantirishni nazarda tutadi.

Ushbu o‘qitish tizimining yo‘lga qo‘yilishi talabalarda yurist kasbi uchun zarur bo‘lgan va bugungi kun talab qilayotgan kasbiy ko‘nikma va malakalarni mukammal egallash hamda nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Bunday ta’lim tizimi dunyo oliy ta’lim muassasalarining xalqaro reytinglarida yuridik ta’lim berish bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallab turgan AQShning Garvard universiteti, Kanadaning Toronto universiteti Huquq fakulteti, Buyuk Britaniyaning Kembridj universitetida ham yo‘lga qo‘yilgan.

Ta’kidlash joizki, Toshkent davlat yuridik universitetida bu borada to‘plangan tajribalar asosida boshqa yuridik fakultetlarda ham bosqichma-bosqich ta’lim jarayonlariga joriy etiladi.

Bugungi kunda universitet ta’lim dasturlarining amaliy qismini o‘tash uchun sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, advokatura, konsalting va sohaga doir boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik bitimlari tuzilmoqda.

Universitet boshqaruvida ham yangi yondashuv

Universitetda boshqaruv bo‘yicha yangi yondashuvga asoslangan tizim yo‘lga qo‘yilib, mazkur tizimda fakultet dekanlari, departament boshliqlari va markaz rahbarlarini saylash amaliyoti joriy etiladi.

Universitetda kafedralar negizida ilmiy-tadqiqot va amaliyotga asoslangan, yuqori sifatli ta’lim berishga yo‘naltirilgan akademik departamentlar va ular tarkibida sho‘balar tashkil etiladi. Akademik departamentlar ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlarga bo‘lgan talabni aniqlash orqali ta’lim va fan dasturlarini ishlab chiqadi hamda o‘quv jarayonlarini sifatli tashkil etishga mas’ul hisoblanadi. Akademik departamentlar sho‘balari sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ham tashkil etiladi hamda ta’lim dasturlari tegishli tashkilotlar xodimlari ishtirokida amaliyotdan kelib chiqib takomillashtirib boriladi.

Tadqiqot markazlari fakultetlar yo‘nalishidan kelib chiqib ilmiy xodimlardan iborat bo‘ladi, huquqni qo‘llash amaliyotida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq qiladi, natijalarini o‘quv jarayoni va amaliyotga joriy etish bo‘yicha takliflar va ilmiy-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlaydi, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqot loyihalari hamda buyurtmalar asosida tegishli sohaga doir qonun hujjatlari loyihalarining ilmiy ekspertizasini amalga oshiradi, maqsadli ilmiy tadqiqot loyihalari orqali dolzarb muammolarning ilmiy yechimlarini ishlab chiqadi.

Amaliyot va karera markazlari fakultet talabalarining amaliyotini, klinik va dual ta’limni sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, advokatura, konsalting va sohaga doir boshqa tashkilotlarda tashkil etadi hamda bitiruvchilarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Shuningdek, universitet boshqaruvida professor-o‘qituvchilarning rolini oshirish, qarorlar qabul qilishda kollegial yondashuvlarni yanada kengaytirish maqsadida Universitet professorlar kengashi (Senate of Professors) tashkil etiladi.

Bu kabi tuzilma Kanadaning Toronto universitetida — Fakultet kengashi, AQShning Garvard universitetida — Fakultet kengashi, Kembridj universitetida — Universitet Senati nomi bilan faoliyat yuritadi.

Hozirgi vaqtda universitetda boshqaruvning yangicha yondashuvga asoslangan tizimi to‘liq joriy qilindi. Saylov yo‘li bilan Universitet professorlar kengashi tashkil etilib, faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bu orqali talabalarga yuridik ta’lim berishning ta’lim – tadqiqot – amaliyot tizimi yo‘lga qo‘yilib, bugungi zamon talablariga javob beradigan bitiruvchilarni tayyorlashga erishiladi.

Zamonaviy texnologiyalar — ta’lim siftini oshirish xizmat qiladi

“Universitet 5.0” konsepsiyasi asosida barqaror rivojlanishga qaratilgan ta’lim muhiti shakllantiriladi hamda ta’lim dasturlari, ta’lim va boshqaruv jarayonlariga sohadagi xalqaro standartlar joriy etiladi.

Shuningdek, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab ta’lim jarayonlariga sun’iy intellekt joriy etiladi. Bu borada sun’iy intellekt asosida dars sifatini baholash tartibi joriy etiladi. Jumladan, oraliq va yakuniy nazorat ishlarini sun’iy intellekt tomonidan baholash yo‘lga qo‘yilib, inson omili cheklanadi hamda sun’iy intellekt texnologiyalari asosida tyutorlik faoliyati talaba ko‘makchisi sifatida joriy etiladi.

Bundan tashqari, zamonaviy, sodda tilda yozilgan, jozibador o‘quv adabiyotlari (smart book) va amaliy misollarga asoslangan qo‘llanmalar (casebook) yaratiladi, xorijiy adabiyotlar davlat tiliga tarjima qilinib nashr etiladi hamda chet eldagi vatandosh, xorijiy olimlar va mutaxassislar bilan hammualliflikda huquq tamoyillarining amalda ishlashini sodda tushuntirib beruvchi darsliklar tayyorlanadi.

Protsessual fanlardan dars jarayonlarida virtual sud majlislari va tergov jarayonlarining imitatsiya va simulyatsiyalari virtual reallik texnologiyalari orqali amalga oshiriladi.

Katta maqsad — xalqaro reyting

To‘rtinchidan, Toshkent davlat yuridik universitetining 2030 yilga qadar nufuzli Quacquarelli Symonds reytingida huquq sohasi bo‘yicha yuqori 1 000 talik universitetlar ro‘yxatiga kirishini ta’minlash maqsadida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari va xorijiy professor-o‘qituvchilar ulushi, qo‘shma ta’lim dasturlari soni (jumladan, franshizing va akkreditatsiya asosida o‘qitish) oshiriladi. Ta’lim va ilm-fan sohasiga oid xalqaro tashkilotlarda faol a’zolik yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, Scopus bazasida indeksatsiyalangan maqolalar chop etiladi hamda ushbu bazadagi iqtiboslar soni oshirib boriladi.

Shunday qilib, yuridik ta’limda boshlangan bu yangi bosqich — nafaqat universitet, balki butun jamiyat uchun muhim qadam bo‘lib, mazkur mslohotlar talabalarning zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga, mehnat bozori talablariga mos keladigan yuristlar tayyorlashga hamda qonun ustuvorligi yanada mustahkamlashga hizmat qiladi.

 

Dilshod RAJABOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
O‘quv-uslubiy boshqarmasi (Registrator ofisi) boshlig‘i o‘rinbosari