Yuridik taʼlim va ilm-fan yanada isloh qilinadi

    Toshkent davlat yuridik universitetida fakultet dekanlari, departament boshliqlari va markaz rahbarlarini saylash amaliyoti joriy etiladi.

    Bu haqda Prezidentning shu yilning 26-noyabr kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Republikasida yuridik taʼlim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida belgilandi.

    Hujjatda yuridik taʼlim va ilm-fan rivojlanishida quyidagi ustuvor yoʻnalishlar belgilandi:

    • yuridik taʼlim samaradorligi va sifati ustidan nazoratni kuchaytirish;
    • Toshkent davlat yuridik universitetining 2030-yilgacha nufuzli Quacquarelli Symonds reytingida huquq sohasi boʻyicha yuqori 1000 talik universitetlar roʻyxatiga kirishini taʼminlash.

    Shuningdek, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetida tajriba tariqasida amaliy oʻqitish hamda klinik va dual taʼlim tamoyili asosida taʼlim olish tizimi joriy qilinadi.

    Yangi tizimda 2-, 3- va 4-kurs talabalari uchun yuridik taʼlim dasturlarining 50 foizi auditoriyalarda, qolgan 50 foizi sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlarda oʻtkaziladi.

    2027/2028 oʻquv yilidan esa “Yurisprudensiya” yoʻnalishi mavjud boshqa davlat oliy taʼlim tashkilotlarida ham universitet tajribasi natijalari asosida amaliy oʻqitish va klinik-dual taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

    Universitetda taʼlim-tadqiqot-amaliyot integratsiyasini taʼminlash maqsadida sohaviy fakultetlar tizimi yangilanadi. Fakultetlar akademik departament, tadqiqot, amaliyot va karera markazlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.

    Universitet kafedralari negizida akademik departamentlar va ular tarkibida boʻlimlar tashkil etiladi. Tadqiqot markazlari fakultetlar yoʻnalishidan kelib chiqib ilmiy xodimlardan iborat boʻladi va huquqni qoʻllash amaliyotida yuzaga kelayotgan muammo va kamchiliklarni ilmiy yondashuvlar asosida tadqiq qiladi.

    Fakultet dekanlari, departament boshliqlari va markaz rahbarlarini saylash amaliyoti joriy etiladi. Ular 2 oʻquv yiliga saylanadi va bir shaxs surunkaligi 2 muddatdan ortiq mazkur lavozimlarga saylanishi mumkin emas.

    Akademik departamentlar boshliqlari va markazlar rahbarlari fakultet dekani oʻrinbosarlari hisoblanadi. Boʻlimlar professor-oʻqituvchilar tarkibidan iborat boʻlib, ularning rahbarlari kafedra mudirlari mavqeiga ega boʻladi.