Bu esa qisqa muddatlarda oʻzining ijobiy samarasini koʻrsatdi. Yuridik xizmat koʻrsatiladigan davlat idoralarining markazlarga yuboriladigan hujjatlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish va qabul qilish jarayonlarini elektron shaklga oʻtkazuvchi “E-huquqshunos” elektron tizimi yaratildi. Ish yurituvi toʻliq raqamlashtirilib, qogʻozbozlik barham topdi.
207 ta tuman va shaharlardagi 2 mingdan ortiq davlat organlarida huquqni bir xil qoʻllash amaliyoti shakllandi hamda aholiga va bevosita ijrochilarga qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini yetkazish va tushuntirishning yangi boʻgʻini yaratildi.
Fargʻona viloyati Beshariq tuman Tibbiyot birlashmasida bosh hisobchi Shukurjon Turdiyev tuman yuridik xizmat koʻrsatish markaziga tibbiy jihozlar bilan bogʻliq shartnomalarning huquqiy jihatdan barqaror tuzilishi boʻyicha huquqiy maslahatlar olgani kelgan.
— Davlat xizmatchilari uchun Yuridik xizmat koʻrsatish markazlarining adliya tizimida faoliyat boshlashi ayni muddao boʻldi, —deydi Shukurjon Turdiyev. — Avvallari hujjatlarning qonunga muvofiqligi yuzasidan turli oʻrganishlarda “yurak hovuchlab” turardik. Endi esa ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi mehnat munosabatlari, 360 turdagi dori vositalarini sotib olishda tuziladigan shartnomalar yuzasidan tayyorlanadigan hujjatlarning qonunga muvofiqligini markazlardan tizim orqali koʻrikdan oʻtkazib olish yetarli boʻlyapti.
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi tizimidagi markazlar tomonidan ayni kunlarda 22 ta sohada 2 ming 395 ta davlat tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatilyapti. Shundan 967 tasi umumiy oʻrta taʼlim maktablari, 893 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda 200 dan ortiq koʻp tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalar va boshqa davlat tashkilotlari hissasiga toʻgʻri keladi.
— Tahlillarga koʻra, “E-huquqshunos” elektron tizimi orqali hujjatlarni aylanishi hisobiga oʻrtacha bir milliondan ortiq qogʻoz koʻrinishidagi hujjatlar iqtisod qilingan, — deydi Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi katta maslahatchisi Abduvali Gʻulomov. — Yanada aniqroq aytganda, viloyat boʻyicha 4 tonnadan ortiq qogʻoz — hamda shunga mutanosib ravishda mehnat va vaqt resurslari tejalgan.
Taʼkidlash lozimki, markazlar tashkil etilgunga qadar turli tashkilotlarning 350 dan ortiq hujjatlar sud va prokuratura organlari tomonidan bekor qilingan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatgich 70 barobarga kamaygan.
— Markazlar tashkil etilgunga qadar tumandagi davlat organlarida bitta yurist shtat birligi mavjud boʻlib, oʻzaro tajriba almashish va muammolarni kollegial tarzda hal etish imkoniyati boʻlmagan, — deydi Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi boʻlim boshligʻi Xusan Inomov. — Endi esa davlat organlarining 207 hududdagi 2 mingdan ortiq boʻlinmalarida bir xil huquqni qoʻllash amaliyoti shakllandi. Aholi va organlarga tezkor va sifatli huquqiy xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.
Yuridik xizmat xodimlarining toʻliq mustaqilligi taʼminlanishi orqali ularning ish faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb etish holatlariga barham berildi. Eʼtiborli jihati shundaki, Markazlar xulosasi asosida qabul qilingan hujjatlar — huquqni muhofaza etuvchi organlar yoki sud orqali shu kungacha aksariyati bekor qilinmadi.
Dastlabki davrda ayrim shaxslar tomonidan markazlarning ishga tushirilishiga nisbatan salbiy taxminlar, prognozlar ilgari surilgan edi. Ammo amalda mazkur tizim oldiga qoʻyilgan maqsadlarga bosqichma-bosqich erishib borilyapti.
Adliya vazirligi tomonidan bugungi kunda tuman va shaharlardagi bandlik, soliq, qishloq xoʻjaligi hamda respublikadagi barcha davlat maktablari, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va oilaviy poliklinikalar kabi 20 dan ortiq tashkilotlarga markazlar tomonidan yuridik xizmat koʻrsatilyapti.
Elyorjon Ehsonov,
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha
yetakchi maslahatchisi.










