Qarshida yurt bayrogʻi 62,5 metr balandlikda hilpiraydi

    Urbanizatsiya 27 Aprel 2021 2490

    Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida Qarshi shahridagi Mustaqillik maydonida balandligi 62,5 metrga teng Davlat bayrogʻi oʻrnatiladi, deya xabar bermoqda qashqadaryogz.uz sayti.

    Bugungi kunda maydonning amfiteatr oldidagi xiyobon bilan tutash qismida ulkan bayroq ustuni poydevori bunyod etilmoqda. Bu noyob obyektning buyurtmachisi Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasi boʻlsa, pudratchisi “Voha maxsus montaj servis” masʼuliyati cheklangan jamiyatidir.

    Korxona vakillarining aytishicha, bayroqning ustun (flagshtok)i diametri 430 millimetrdan 1220 millimetrgacha boʻlgan poʻlat quvurlardan tashkil topadi. Uning barcha butlovchi qismlari maxsus buyurtma asosida poytaxtdagi “Bektemir metall konstruksiyalari” qoʻshma korxonasi tomonidan tayyorlab qoʻyilgan. Bichimi 25 metrga 10 metrdan iborat bayroqning oʻzi esa Fargʻona vodiysidagi ishlab chiqarish korxonalaridan birida tikilgan. Shartnomalarda koʻzda tutilgan mablagʻ oʻtkazilishi bilanoq hamkorlar ularni maxsus texnikalar yordamida viloyatimiz markaziga yetkazib beradi.

    Loyihaga koʻra, Davlat bayrogʻi oʻrnatilgach, uning atrofidagi 2 ming kvadrat metrlik hudud obodonlashtirilib, maysazor va gulzorlar barpo etiladi, manzarali daraxtlar ekiladi va yangi yoʻlakbop plitkalar terib chiqiladi. Ayni paytda Mustaqillik maydonining shu qismida bayroqning tarixi va tavsifi aks etgan tosh lavhlar ham oʻrnatiladi.

    Ochiq manbalardan olingan maʼlumotlarga qaraganda, Qarshi shahridagi Davlat bayrogʻining birgina ustunini bunyod etishga 1 milliard 350 million soʻm mablagʻ sarflanadi.