Bu koʻhna olamda sharafli vazifalar koʻp. Ammo kindik qoning toʻkilgan muqaddas yurt shaʼnini ulugʻlash, yuksaklarga koʻtarish inson uchun eng sharafli va ulugʻ vazifadir. Yaqinda nihoyasiga yetgan Tokio Olimpiadasida gʻolib boʻlib kelgan mard oʻgʻlonlarimizning olamshumul gʻalabalari jannatmonand diyorimizning dovrugʻini yetti iqlimga yana-da mashhur qildi.
Tokioda yurtimiz vakillari shijoat va mahorat bobida hech kimdan kam emasliklarini yana bir bor isbotladi. Oʻzbekiston bayrogʻini jahon uzra sarbaland koʻtargan 21 yoshli sportchimiz Akbar Joʻrayev ham sportning ogʻir atletika turi eng ogʻir vaznida ishtirok etdi va 430 kilogramm tosh koʻtarib, olimpiada rekordini yangilagan holda, oltin medal sohibiga aylandi.
Musobaqalarni televizor orqali tomosha qilar ekanmiz, oʻzbekistonlik har bir sportchining harakatlarini katta hayajon bilan kuzatib bordik. Lablarimiz pichirlab, duolar qildik, koʻzlarimiz yonib har bir chiqishdan faxrlandik, ular bilan birga kurashgandek, gʻoliblik shohsupasiga hamqadam chiqqandek tasavvur qildik oʻzimizni.
Ha, gʻalaba nashidasini surdik, zafarlar quchdik, quvondik, qoʻlimiz kalta kelib, magʻlub boʻlganimizda, astoydil xafa boʻldik, kezi kelganida yigʻlab ham oldik. Ammo har qanday vaziyat va holatda ham sportchilarmizga boʻlgan ishonch va hurmatimizni bir lahza boʻlsa-da, yoʻqotmadik.
Biz-ku, bir oddiy muxlis va tomoshabin sifatida hamyurtlarimizning chiqishini shunchalik quvonch va hissiyot bilan tomosha qildik, lekin ularning ota-onalari, jigarlari koʻnglida qanday hayajon kechdi?
Chempionimiz Akbarjon Joʻrayevning onasi va akasini muborakbod etish uchun Boʻstonliq tumanining Soyliq qishlogʻiga yetib borgunimizcha xayolan ana shunday oʻy-fikrlar ichra kezaverdik.
Bu gullarni Prezidentimiz yuborgan
Moʻjazgina qishloqning soya-salqin koʻchalarida gʻolibimizning xonadoni sari kirib borar ekanmiz, quyoshning choʻgʻday qizdirguvchi otashini ham uncha sezmay qoldik. Qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻ bilan toʻlgan gavjum hovlida qoʻlini koʻksiga qoʻyib, tanimasa-da, Akbar Joʻrayevning onasi Hafiza Normetova ming yillik qadrdonlardek samimiyat bilan bizni qarshi oldi.
Yoshi ulugʻ momolar va yuzlaridan tabassum arimay xandon otib kulib turgan qarindosh-urugʻlar qatoridan joy olib, ularning ezgu duolariga sherik boʻlar ekanmiz, oʻzbekning oʻzligi, aslida uning ana shunday goʻzal qadriyat va urf-odatlarida mujassam ekaniga yana bir bor amin boʻldik. Qahramonimizning onasi Hafizaxonni va ularning yaqinlarini gʻalaba bilan qutlash jarayonida, yon-atrofga taralayotgan gʻoyat yoqimli gullar ifori qayerdan kelayotgan ekan deya atrofga alangladim. Shunda koʻzim uy toʻrida turgan, quloch yetmas bir quchoq qip-qizil atirgullarga tushdi.
Ziyrak nigohli Hafizaxon esa, koʻnglimdan oʻtgan oʻylarni sezdi shekilli, gʻurur va iftixor bilan koʻzlari porlab, “Bu gullarni Prezidentimiz shaxsan oʻzlari menga yuboribdilar”, dedi. Baxtli onaning nurli chehrasiga boqib, davlat rahbarining hurmat va ehtiromiga sazovor boʻlgan bu ayolga chin dildan havasim keldi.
Aslida, ona Vatan shaʼnini yuksakka koʻtargan Akbardek farzandni voyaga yetkazib, unga Jaloliddin Manguberdi shijoatini, Amir Temur jasoratini oʻrgatishdek ulugʻ vazifani jo qilgan Hafizaxon Prezident sovgʻasi yozuvi ostida yuborilgan guldastaga chindan ham munosib ayol va ona!
10 yil oldin ham shunday sharoitlar boʻlganida edi...
— Bilasizmi, ona uchun bu dunyoda farzandi bilan faxrlanish, uning ortidan rahmat eshitish va jigarbandining yaxshi kunlariga sherik boʻlishdan ortiq baxt yoʻq, — deydi Hafiza Normetova. — Men oʻgʻlimning chempion boʻlishiga astoydil ishongan va butun qalbim bilan sezgan edim. Negaki, bolam tunu kun oʻz maqsadi sari intildi, harakat qildi, bir soniya ham chempion boʻlish orzusidan kechmadi, tinim bilmay sport bilan shugʻullandi.
Allohga shukrki, mehnatlari samarasiz ketmadi. Lekin hozir koʻksimda bir parcha olov yonayotganday goʻyo, hatto oʻzimga sigʻmayapman. Qani edi shu kunlarni rahmatli dadasi koʻrganida edi... (koʻzlari yoshlanib, ovozi titrab, bir pas ichikib yigʻladi), Davlatimiz rahbarining yurtimiz yoshlariga yaratib berayotgan imkoniyatlarini va chempionning onasi sifatida menga ham koʻrsatilayotgan eʼzozni koʻrganlarida, balki shodliklari dunyolarga sigʻmasmidi. Biroq koʻnglimning bir chekkasida kemtiklik, armon va alam borday oʻksinaman. Negaki, hukumatimiz tomonidan Akbar oʻgʻlimga yaratib berilayotgan shart-sharoitlarning oʻndan birini ham katta oʻgʻlim Azizbekda koʻrmadik. Katta oʻgʻlim ham aslida sportchi edi.
Agar, bugungi sharoit va imkoniyatlar 10 yil ilgari boʻlganida, toʻngʻichim ham, albatta, Olimpiada chempioni boʻlardi. Toʻgʻri, hammasi Allohning izmida. Biroq yoʻqchiliklar, qiyinchiliklar, yetishmovchiliklar odamning yuragini yemirib boradi. Biz ilgari koʻp qiynalganmiz. Erimning bitta oyligi bilan roʻzgʻor yuritish va katta oʻgʻlim Azizbekni sport musobaqalariga joʻnatish, turli xarajatlar, barchasi boʻynimizda edi. Qoʻpolroq qilib aytganda, “oʻzing uchun oʻl yetim”, zamonlar edi. Ota-onalar farzandini musobaqalarga oʻz hisobidan pul toʻlab yuborardi. Faqat soʻnggi besh yilda yoshlarga ulkan imkoniyatlar darvozasi keng ochib berildi. Bu uchun barcha sportchilar onalari nomidan bir ona sifatida, bir ayol sifatida Prezidentimizga qoʻlimni koʻksimga qoʻyib minnatdorlik bidiraman. Tashakkur! Ilohim umrlari ziyoda, tanu jonlari sogʻ, aziz boshlari omon boʻlsin!
Bu dunyoni asli bir kam deydilar
Azaldan bu koʻhna dunyoni bir kam deydilar. Demak, Yaratganning irodasi bilan yaralgan odamzodning koʻngli doimo nimadandir yarim boʻlib qolaverarkan. Bu kemtiklikni toʻldirish, yarim koʻngilni butun qilish va yaralarga malham boʻlish uchun uning yaqinlari, jigarlari bir boʻlib harakat qiladi. Shunday shodiyona kunda bu mulohaza nega kerak, deysizmi? Bu gaplarni aytishimizning boisi shuki Akbarning otasi rahmatli Husniddin Joʻrayev bir emas, ikki oʻgʻlining chempion boʻlishini chin yurakdan istagan va bu uchun qoʻlidan kelganini qilgan. Oʻgʻillarim — Aziz va Akbar Joʻrayevlar boʻlib dunyoga taniladi, deb niyat qilarkan.
Ammo insonning orzu-umidlari hamma vaqt ham roʻyobga chiqavermaydi. Ayniqsa, qoʻli kaltalik, yetishmovchilik, oddiy tilda aytganda, pulsizlik bu yoʻlda hamisha gʻov boʻlib turadi. Hafiza Normetova va Husniddin aka oʻgʻillari mashhur sportchi boʻlishiga imkon qadar harakat qilgan.
Toʻngʻich oʻgʻli Aziz 17 yoshida yoshlar oʻrtasida Oʻzbekiston va Osiyo chempioni boʻladi. Galdagi chempionatga tayyorgarlik koʻrish chogʻida qoʻlidan jarohat oladi. Soʻng oyogʻidan. Mashgʻulot va chempionatlarga oʻz hisobidan pul toʻlab farzandi kelajagi uchun jon kuydirayotgan ota-onani oʻsha vaqtlarda hech kim qoʻllamagan. Na moddiy, na maʼnaviy koʻmak bermagan. Aziz Joʻrayevning oyogʻidan qilingan jarrohlik operatsiyasi esa, ancha vaqt va mablagʻni talab qilgan. Yolgʻiz oʻzi ishlaydigan otaning topish-tutishi dasturxonga urvoq ham boʻlmay qolgan kunlar juda koʻp boʻlgan...
Turmushning mushtlari zalvorli boʻladi. Oiladagi yetishmovchilik insonning nafaqat maqsadlarini balki orzularini ham cheklab qoʻyishiga sabab boʻladi goho. Ammo Aziz Joʻrayev matonatli va shijoatli boʻlgani uchun hayot sinovlari oldida dovdirab qolmadi. Tuzalganidan soʻng, garchand yetti muchasi sogʻ boʻlsa-da, uni musobaqa va chempionatlarga taklif qilishmadi. U esa, ukasi Akbarning yarmiga aylandi. Aslida, ukasining sportga mehr qoʻyishida uning hissasi katta. Kichkintoy Akbar akasiga havas qilib, doimo uning izidan qolmay ergashib yurar va shu tariqa sportga kundan-kun bogʻlanib boravergan. Akbarning birinchi ustozi va murabbiyi ham akasi Aziz boʻladi.
Ukam bilan faxrlanaman
— Ukam bilan faxrlanaman, — deydi Azizbek Joʻrayev. — Akbarning qalbidagi quvonch va oʻziga boʻlgan yuksak ishonch menga ham bir olam kuch va gʻayrat bagʻishlaydi. Chunki ukajonim Vatan oldidagi va ota-onam oldidagi farzandlik burchini halol bajardi. Mening ham qalbimda bir dunyo orzularim bor edi.
Tailandda oʻtkazilgan yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatida ogʻir atletika yoʻnalishida gʻolib boʻlgandim. Keyin yana ketma-ket gʻoliblikka erishdim. Sportda jarohat olganimdan keyin esa... Toʻgʻri, tuman sport boʻlimidan ish berishdi, lekin sakkiz yuz-toʻqqiz yuz ming soʻm oylik bilan men roʻzgʻor tebrata olarmidim. Qani edi sportga va yoshlarga ilgari ham bugungiday eʼtibor qaratlganida edi, men kabi juda koʻplab yoshlarning yuragida armon qolmasmidi...
Azizning soʻzlarini tinglab, u qoʻlga kiritgan gʻoliblik medallarini tomosha qilar ekanman, “Siz hali yoshsiz, shijoatingizni va ruhiyatingizni soʻndirmang. Chunki davlatimiz rahbarining eʼtiboridan hech narsa chetda qolmaydi”, dedim.
Xushxabarni davlatimiz rahbarining oʻzi oʻqib eshittirdi
Akbar Joʻrayev ota-onasi va akasining orzularini roʻyobga chiqardi. Uning olimpiya oʻyinlarida oltin medal sohibi boʻlgani barchamizning qalbimizda gʻurur-iftixor tuygʻularini yuksaltirdi. Bu ulkan gʻalaba tarix sahifalariga zarhal harflar bilan yozib qoʻyishga arzigulik voqeadir.
Olimpiadaning ikkinchi oltin medali va rekordiga oid xabarga davlatimiz rahbarining shaxsan oʻzi eʼtibor qaratdi. Videoselektor yigʻilishi boʻlib, xushxabarni hammaga oʻqib eshittirdi. Prezidentimiz ogʻir atletikachi Akbar Joʻrayevning oltin medali va oʻrnatgan yangi rekordiga shaxsan munosabat bildirdi. Xushxabarni oʻrnidan turib, qarsak chalib olqishladi, xursandchiligini videoselektor yigʻilishidagilar bilan birga oshkora baham koʻrdi. Barchani Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi Tokioda erishgan yutuq bilan shaxsan tabrikladi. Shuning oʻzi ham juda katta kuch-qudrat, mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga, yangi Oʻzbekistonga zoʻr sovgʻa ekanini taʼkidladi.
Yaxshi niyat — yarim davlat
Gʻolib sportchimiz Akbar Joʻrayev bilan muloqotda u hayajon va katta faxr bilan shunday dedi:
— Bu gʻalabam istiqlolimizning 30 yilligiga toʻyonadir. Prezidentim yaratib bergan imkoniyatlardan unumli foydalanib, uni oqlashga jon-jahdim bilan harakat qildim va buni uddaladim.
Yurtdoshlarimiz, olimpiadadan qaytishimizni juda ham katta tantanalar bilan kutib olishdi. Men bunday ehtirom va hurmatni koʻrib yana-da hayajonlandim. Shu kuni Bosh vazirimiz Abdulla Aripov hamda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Prezidentimiz sovgʻasi sifatida menga 4 sotix hovliga ega 3 xonali kottej, 200 ming AQSH dollari hamda “Tahoe” avtomobilini topshirdi. Pul mukofoti, xonadon va mashina kalitlarini ularning qoʻlidan qabul qilib olar ekanman, goʻyo tush koʻrayotganday edim. Chunki biron-bir davlatda sportchilarga bunday yuksak eʼtibor, gʻamxoʻrlik koʻrsatilganini bilmayman.
Toki tirik ekanman, tanamda jonim bor ekan, shu muqaddas yurtga munosib va sodiq farzand boʻlaman. Onajonimning yarim koʻnglini butun qilish uchun bor imkonim va kuchimni ishga solib, Parij Olimpiadasida ham gʻolib boʻlib, oltin medal olishga harakat qilaman. Meni qoʻllab turgan yaqinlarim, murabbiylarim va menga muxlislik qilgan barchaga rahmat!
Darhaqiqat, Akbar Joʻrayev Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarib, oʻz oldiga qoʻygan oliy maqsadga erishdi — Olimpiada chempioni boʻldi. Gʻoliblik shohsupasiga chiqishida unga murabbiylari Farhod Mirzajonov va Bahrom Mendiboyev katta yordam berdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, aslida ota-onasi uning shifokor boʻlishini xohlashgan, ammo u boshlangʻich sinfdaligidayoq akasi singari ogʻir atletika yoʻnalishini tanlagan, maktabda tashkil qilingan sport toʻgaraklariga muntazam qatnagan. 7-sinfda poytaxtdagi Olimpiya zaxiralari kollejiga oʻqishga qabul qilingan.
Akbar oʻtgan davr mobaynida ogʻir atletika boʻyicha koʻplab musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Bugungi kunda u
7 karra Oʻzbekiston, 4 karra Osiyo chempioni boʻldi, jahon chempionligini qoʻlga kiritdi. 2018-yili Turkmanistonning Ashxabod shahrida boʻlib oʻtgan jahon chempionatida 19 yoshida jahon rekordini oʻrnatdi.
Yaxshi niyat — yarim davlat, deydi xalqimiz. Biz ham Soyliq qishlogʻining eng yosh polvoni Akbarjonni muzaffar gʻalaba bilan tabriklab, kelgusi ishlariga omad tilab qolamiz.
Soʻngsoʻz oʻrnida...
Boʻstonliqdan qaytar ekanman, koʻnglimni quyosh kabi ilitgan xushxabar va xursandchiliklar qurshovidan chiqib bir zum oʻyga toldim. Akbar Joʻrayevning akasi 17 yoshida Oʻzbekiston va Osiyo chempioni boʻlgan, hozirda esa 27 yoshni qarshilagan Aziz Joʻrayevning keyingi taqdiri bilan ham sport sohasi mutasaddilari qiziqib qolar...
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri










