Yurtimiz o'z taraqqiyot yo'lida dadil odimlamoqda. Bu bizga ishonch va g'urur bag'ishlaydi. Shu ona tuproq zaminida tug'ildik, o'sdik, voyaga yetdik. O'qib, ishlab jimiyatning teng a'zosi bo'ldik. Yurtimizga har tomonlama tirgak bo'lish vazifamiz. Ba'zan internetda, xorijiy matbuotda haqiqatni yashirib, uni turli manfaatlar yo'lida soxtalashtirishga ishqibozlar ko'payib ketadi. Albatta, sog'lom fikrlaydigan inson bu kabi ma'lumotlarga ishonmaydi. Shunday kezlarda hasad qilma xavas qil degim keladi. Rosti, xavas qilishga arzugulik ko'p islohotlar amalga oshirildi. Birgina ijtimoiy sohani olaylik. Kam daromadli, yordamga muhtoj oilalar davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanib, ularning ishli bo'lishi, tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Yurtimiz obod. Qay manzilga bormang bir o'zgarishga, yangilanishga guvoh bo'lasiz, ko'zingiz quvnaydi. Joriy yilning 1-2- iyul voqealari barchamizning ko'nglimizni ranjitdi. Internet tarmoqlarida bo'lar-bo'lmas bo'xton, uydirmalar yozishga ketgan vaqt jamiyatimiz uchun foydali ishlarga sarf qilinsa, dilni yayratadigan manzillar yanada ko'payadi.
Tez va jadal o'zgarib borayotgan zamonga qarasak, o'zimizni butkul yangilanganday sezamiz. Dunyo taraqqiyotida yurtimizning yuksak o'ringa ega ekani ko'nglimizni ko'taradi. Yurtimizda bo'layotgan ulug' o'zgarishlar, ijobiy ishlarni ko'rish uchun uzoqqa borish shart emas. Har birimiz o'zimiz yashayotgan shahar yoki tuman, ko'chalarimiz, mahallamizga nazar tashlasak, ko'zimiz quvnaydi.
Bugun hayotimiz butkul o'zgardi. Har ikki oilaning birida yengil mashina, oila a'zolarining har birida uyali aloqa vositalari, hatto kichkina bolalarimiz kompyuter texnikalarini qanday ishlatishni biladi, xorijiy tillarda bemalol gapiradi.
Davlatimiz rahbari barcha sohalarni yanada takomillashtirishga oid farmon va qarorlar qabul qilmoqda. Ana shu hujjatlarning ijrosini ta'minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar har go'shaning obod, ko'ngillarning shod bo'lishiga xizmat qilmoqda. Aziz yurtdosh, har birimiz vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo'shaylik!