Fuqarolarning erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat ekanligi etirof etilmoqda

Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lining markazida mahalla alohida o‘rin tutadi. Chunki mahalla – bu faqat hududiy birlik emas, balki inson taqdiri, oila tinchligi, yoshlar kelajagi va jamiyat barqarorligining eng muhim poydevoridir. Mahalla tushunchasi o‘zbek xalqi uchun bir necha asrlik tarixga ega bo‘lib, u hamisha insonni inson bilan bog‘lovchi, yordamlashuv va hamjihatlik ruhini saqlovchi muxtor ijtimoiy muassasa bo‘lib kelgan.

Tarixan mahalla — o‘zini o‘zi boshqarishning noyob milliy modeli sifatida shakllangan. Unda nafaqat kundalik hayotiy masalalar — to‘y, a’za, yordam — balki jamoa tartibini saqlash, nizolarni tinchlik yo‘li bilan hal etish, kambag‘al va muhtojlarga qo‘l cho‘zish kabi oliyjanob an’analar asrlar davomida davom etib kelmoqda. Bu an’analarni saqlash va zamon talablariga moslashtirish — davlatning va jamiyatning birgalikdagi vazifasidir.

Prezident Shavkat Mirziyoevning tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mahallaga yangicha, zamonaviy mazmun berildi. Mahalla endi faqat madaniy-an’anaviy o‘rin emas, balki davlat va fuqaro o‘rtasidagi tirik ko‘prik, ijtimoiy xizmatlarning birinchi nuqtasi va profilaktikaning asosiy maydoniga aylanmoqda.

2025-yil yanvardagi O‘zbekiston respublikasi Prezidentning 1-sonli qarori mahalladagi profilaktika tizimini tubdan yangiladi. Ushbu hujjatda belgilangan "manzilli profilaktika" tamoyili — muammo qaerda bo‘lsa, yechim ham o‘sha joyda bo‘lishi prinsipi — ilgari mavjud bo‘lgan rasmiy, ko‘pincha samarasiz usullarini almashtirib, aniq aholiga, aniq hududga, aniq muammoga mo‘ljallangan yondashuvni amaliyotga joriy etdi. Qarorda belgilangan asosiy mexanizmlar orasida quyidagilar alohida ahamiyat kasb etadi: "namunali xavfsiz ko‘cha" va "namunali xavfsiz uy" tizimlarini joriy etish, profilaktika inspektorlarining faoliyatini keskin kuchaytirish hamda ularni mahalliy aholi bilan chuqur integratsiya qilish. Profilaktika inspektorlari endi yozuv-chizuv ishi va ortiqcha yuklamalardan xalos etilib, bevosita aholi bilan ishlashga yo‘naltirildi.

"Mahalla yettiligi" — mahalla raisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi, ayollar qo‘mitasi raisi, nuroniy, maktab direktori va oila shifokoridan iborat bu tuzilma jamoatchilik nazoratining eng samarali shakli sifatida tan olindi. Ular haftada kamida bir marotaba yig‘ilib, mahalladagi barcha ijtimoiy-huquqiy masalalarni muhokama qiladi va birgalikda yechim topadi.

Natijala amalga oshirilayotgan ishlar natijasida mahallalarning ko‘pchiligi havfsiz mahallaga aylana boshladi. Ko‘plab hududlarda jinoyatchilik 20-35 foizga kamaydi, fuqarolar murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi keskin oshdi, mahalla aholisining davlat institutlariga nisbatan ishonchi mustahkamlandi. "Mening muammom – mahallam muammosi" degan tushuncha amaliy mazmun kasb eta boshladi.

Shuningdek, 2026-yil 5-yanvardagi Prezident qarori oldingi amalga ishlarning mantiqiy davom ettirib, mahalladagi xavfsizlikni ta’minlash tizimini prinsipial yangi darajaga ko‘tardi. Ushbu hujjatning asosiy yangiligi  mas’uliyatni aniq shaxslarga biriktirish mexanizmini joriy etishdir.

Endi har bir kriminogen ahvoli og‘ir mahallaga tegishli tuman (shahar) hokimi, prokurori, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va boshqa soha rahbarlari shaxsan mas’ul sifatida biriktiriladi. Ular oylik hisobotlar tayyorlash, vaziyatni muntazam tahlil qilish va aniq choralar ko‘rish majburiyatini oladi. Qarorning yana bir muhim jihati  oila muammolari va yoshlar huquqbuzarliklariga ilmiy yondashuvni joriy etishdir. Jinoyat yoki huquqbuzarlikning asl sabablarini  iqtisodiy qiyinchilik, psixologik zo‘riqish, ta’lim sifatsizligi yoki ijtimoiy izolyatsiyani aniqlash va ularni barvaqt bartaraf etishdan iboratdir.

"Ijtimoiy profilaktika haftaligi" doirasida mahallalarda o‘tkaziladigan mehnat yarmarkalari, huquqiy maslahatlar, psixologik yordam, madaniy va sport tadbirlari mahallani nazorat ob’ektidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markaziga aylantirishning amaliy ifodasidir. Shu bilan birga mahallalarda yoshlar va ayollarga alohida etibor berilib kelinmoqda. Mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa olmayotgan yoshlar va ayollarga mahalla tamonidan ularga har xil ko‘rinishda ijtimoiy yordamlar berilib kelinmoqda. Mahallada yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, kasbiy o‘qitish, sport va san’at to‘garaklari orqali bandligini ta’minlash — faqat ijtimoiy yordam emas, balki jinoyatchilikning oldini olishning eng samarali profilaktik vositasidir.

Mahalla  bu faqat ko‘cha va xonadonlar to‘plamidan iborat hududiy birlik emas. U tinchlik va barqarorlikning kafili, yoshlar tarbiyasining maktabi, ayollarning ijtimoiy mavqeini ko‘taruvchi platforma, ijtimoiy adolatning birinchi mezoni va eng muhimi fuqaro va davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prigidir.

Q.Q.Matkarimov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Sud hokimiyati, advokatura va huquqni muhofaza qiluvchi organlar sho‘basi dotsenti,
yuridik fanlari doktori (
DSc