Mazkur post yuzasidan Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi quyidagilarni maʼlum qiladi.Insulin preparati ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositasi hisoblanib, endokrin tizimi patologiyalarini davolashda qoʻllanadi.
2022-yil yanvar-oktyabr oylarida respublikamiz hududiga Germaniya, Daniya, Fransiya, Hindiston va Ukraina davlatlaridan 450 mingdan ortiq qadoqda “Actrapid”, “Insulatard”, “Lantus” kabi insulin dori vositalari import qilingan. Dori vositalarini qidiruvchi telegram-bot va boshqa qidiruv platformalar orqali insulin preparatlarini yurtimizning turli hududridagi dorixonalarda sotuvda uchratish mumkin.
Shuningdek, “Dori-Darmon” AK, “Farm Lyuks Invest” MCHJ, “Meros pharm MCHJ, “Grand pharm trade” MCHJ va “Pharmhealth” ChEK MCHJ tomonidan yurtimizga import qilingan Daniya, Ukraina, Germaniya va Fransiyada ishlab chiqarilgan 76263 oʻramdagi insulin preparati Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” tomonidan oʻrnatilgan tartibda sertifikatlashtirilib, muomalaga chiqarish uchun ruxsat berilgan.
Bundan tashqari, yurtimizda 6 ta davlatning 20 turdagi insulin preparatlari tibbiyot amaliyotida qoʻllash uchun davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boʻlib, batafsil roʻyxat bilan bu yerda tanishasiz.
Ushbu preparatlar narxiga kelsak, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-2647-son qarorining 1-bandiga muvofiq, chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼi nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qoʻllangan holda amalga oshiriladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4554-son qaroriga muvofiq, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tomonidan mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Unga koʻra, dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositalarining har bir savdo nomi uchun qayd etilgan cheklangan narxlar va ularga cheklangan savdo ustamalarini qoʻllash yoʻli bilan hisoblangan ulgurji va chakana narxlarning doimiy ravishda elektron (onlayn) reyestri yuritilmoqda.
Prezidentimizning “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlarni bepul dori-darmonlar bilan taʼminlash boʻyicha qator muhim vazifalar belgilangan boʻlib, endilikda:
– 25 yoshgacha boʻlgan, qandli diabetning birinchi turi bilan kasallangan bemorlar analogli insulin hamda oʻzini-oʻzi nazorat qilish vositalari (glyukometr va maxsus test yaproqchalari) bilan;
– qandsiz diabet bilan kasallangan bemorlar, somatotrop yetishmovchilik bilan kasallangan bolalar hayotiy zarur maxsus dori vositalari (desmopressin va oʻsish gormoni) bilan;
– 25 yoshdan oshgan, qandli diabetning birinchi turi bilan kasallangan insulinga muhtoj, shuningdek, qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallangan bemorlar odam insulini bilan;
– qandli diabetning ikkinchi turi bilan kasallangan hamda ehtiyojmand sifatida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da boʻlgan bemorlar metformin dori vositasi bilan bepul taʼminlanadi;
– bemorlarga bepul beriladigan dori vositalari va tibbiy jihozlar markazlashgan tartibda xarid qilinadi hamda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari orqali taqsimlanadi.
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi yurtdoshlarimizdan insulin preparatlari boʻyicha havotirga tushmaslikni soʻraydi. Mazkur dori vositalari yurtimizdagi dorixonalarda aholining ehtiyojiga yetarli darajadagi hajmda mavjudligini bildirib, jurnalistlar, blogerlar va OAV vakillariga yurtimizda davlat roʻyxatidan oʻtgan va tibbiyot amaliyotida qoʻllash uchun ruxsat berilgan dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnika haqidagi maʼlumotlar agentlik rasmiy veb-saytida ochiq ekanligini maʼlum qiladi.