Tashqi mehnat migratsiya agentligi axborot xizmati rasmiy munosabat berdi.

Dastlabki oʻrganishlardan maʼlum boʻlishicha, joriy yilning 17-yanvar kuni Yekaterinburg shahrida joylashgan qurilish maydonlarining birida IIV, FXX, Rosgvardiya va prokuratura xodimlari tomonidan “nolegal” reyd tadbiri oʻtkazilgan.

Ushbu qurilish ishlarida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari vaqtincha ishlab kelgan. Reyd davomida 2 nafar Oʻzbekiston fuqarosi ham ushlangan va patentsiz mehnat faoliyatini amalga oshirgani sababli sudning qarori asosida Yekaterinburg shahri Gornistov 15/4-uyda joylashgan Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtirilgan.

Ushbu yurtdoshlarimizning maʼlum qilishicha, huquq-tartibort organlari xodimlari qurilish binosiga kirgan vaqtda koʻplab mehnat migrantlari qochishga harakat qilgan va binoning orqa tomonidan qochyotgan vaqtida qoʻlga olingan. Fuqarolarning harakatlariga javoban huquq-tartibort organlari xodimlari ularni oʻtirib yurishga majbur qilgan.

Hozirgi vaqtda ushbu holat mamlakatimizning Yekaterinburg shahridagi bosh konsulxonasi va Tashqi mehnat migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi tomonidan nazoratga olingan va yurtdoshlarimizga huquqiy va boshqa shakldagi yordam koʻrsatilmoqda.