“Umra” ziyoratchilarini sarson qilgan turistik kompaniyaga qonuniy chora koʻrilmoqda

    Turizm 5 Yanvar 2024 1327

    Ijtimoiy tarmoqlarda Madina shahrida 100 dan ortiq “Umra” ziyoratiga borgan hamyurtlarimiz koʻchada qolib, sarson boʻlayotgani haqida videoxabarlar tarqalgan edi.

    Turizm qoʻmitasi tomonidan mazkur holat yuzasidan tegishli qonuniy choralar koʻrilmoqda.

    Hozirgi vaqtda ziyoratchilar mehmonxonaga joylashtirilgan.

    Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-avgustdagi “Umra” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining “Umra” xizmatlarini koʻrsatish faoliyati boʻyicha 100 ming AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdordagi mablagʻlarni Xavfsiz turizmni taʼminlash jamgʻarmasiga zaxira qilib qoʻyish hamda ushbu mablagʻlarning yetarli miqdorini taʼminlab borilishi belgilangan.

    Mazkur qarorga muvofiq, tegishli turoperator tomonidan jamgʻarmaga zaxira qilib qoʻyiladigan 100 ming AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi mablagʻlardan uning “Umra” xizmatlarini sifatsiz koʻrsatishidan jabr koʻrgan ziyoratchilarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zarar oʻrnini qoplash uchun sud qaroriga muvofiq foydalanilishi belgilangan.

    Shuningdek, “Umra” xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyat ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida Turizm qoʻmitasi oʻz rasmiy veb-saytida (https://umra.uzbektourism.uz/u...) “Umra” xizmatlarini koʻrsatuvchi turoperatorlar reytingini shakllantirish uchun tegishli axborot modulining ishga tushirilgani va mahalliy turoperator jamoatchilik tomonidan berilgan ovozlarga koʻra reytingi aniqlanmoqda.

    Shu bilan birgalikda, litsenziyaga ega boʻlmay “Umra” tadbirlarini tashkil etish bilan shugʻullanayotgan 23 ta tadbirkorlik subyektlariga kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha muddatlar belgilanib, koʻrsatmalar berildi.

    Belgilangan muddatlarda kamchiliklarni bartaraf etmagan “Orzu Travel” MCHJ, “Lastochka – Planeta” MCHJ, “Premiyer Vanderlust” MCHJ, Bobissalam-Travel” MCHJ, “Muslim-Tour MT” MCHJ, “Delta Smart Project” MCHJlarning “chiqish turizmi” faoliyati bilan shugʻullanishga asos boʻlgan litsenziyalari amaldagi qonunchilikka asosan 10 kun muddatga toʻxtatilgan boʻlsa, “MG TUR” MCHJning litsenziyasi bekor qilindi.”