Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan ham mazkur tarixiy sanani keng nishonlash hamda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” munosabati bilan oʻz isteʼdodi, ovozi va ijodiy intiluvchanligi orqali kelajakda sanʼatkor boʻlishga qatʼiy ahd qilgan, bu borada maqsadi aniq boʻlgan yoshlarni kashf etish, ularga keng imkoniyatlar yaratish borasida manzilli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

“Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan joriy yilning 22-23-iyun kunlari mazkur reja asosida “Turkiston” sanʼat saroyida Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlarda yashab ijod qilayotgan yosh isteʼdodlarni saralab olish uchun katta kasting tashkil etilgandi. Ushbu kastingda nomzodlarni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Azim Mullaxonov, Abdulla Shomagʻrupov, Jenisbek Piyazov, shoir Botir Ergashev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Shuhrat Vohidov hamda bastakor va rejissyorlardan iborat ijodiy guruh aʼzolari baholab bordilar.

Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida mazkur kastingning ikkinchi bosqichi boʻlib oʻtdi. Unda birinchi bosqichda saralangan yoshlar hamda bugungi kunda sanʼat va madaniyat yoʻnalishida tahsil olayotgan 40 nafardan ziyod isteʼdod egalari ishtirok etishdi. Yosh ijrochilar milliy mumtoz, estrada, opera, folklor hamda anʼanaviy ijro yoʻnalishlarida ashula va qoʻshiqlar ijro etishib, sanʼat sohasidagi mutaxassislardan iborat ijodiy guruh aʼzolarining koʻrigidan oʻtdilar.

Tinglash jarayonida mutaxassislar tomonidan yosh ijrochilarning ijro mahoratiga, ovoz imkoniyatiga, sheʼr tanlashdagi baʼzi kamchiliklariga, sahnada oʻzini tutishi, talaffuzi kabi masalalarga eʼtibor qaratilib, kamchiliklarni toʻgʻirlash uchun fikr-mulohazalar bildirildi.

Kastingni oʻtkazishdan maqsad, unda ishtirok etib gʻoliblikni qoʻlga kiritgan yosh ijrochilarning imkoniyatlarini toʻlaqonli yuzaga chiqarish uchun sohaning mahoratli vakillari bilan uzviy hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi va bosqichma-bosqich ravishda ularning ijodi xalqimizga taqdim etib boriladi.

Matluba TEMUR qizi,

“Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi masʼul xodimi