Yurtimiz boʼylab “Keksalar uchun turizm oyligi” oʼtkaziladi

    Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash vazirligi xabariga koʼra, 1-30 noyabrь kunlari mamlakatimizda “Keksalar uchun turizm oyligi” oʼtkaziladi.

    Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Keksalarni davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qoʼshimcha chora-tadbirlari toʼgʼrisida” 2020 yil 28 maydagi qaroriga asosan, har yilning noyabrь oyi yurtimizda “Keksalar uchun turizm oyligi” etib belgilangan.

    Oylik doirasida keksalar va nogironlarni qoʼllab-quvvatlash, ularning vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida turli ijtimoiy loyihalar amalga oshiriladi, yurtimizning diqqatga sazavor joylariga sayohatlar uyushtiriladi.

    Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash vazirligi tomonidan ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida ayni vaqtga qadar mamlakatimizdagi I guruh nogironligi boʼlgan hamda sayohat qilish istagini bildirgan 552 nafar keksalar roʼyxati shakllantirildi.

    “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida mazkur fuqarolar hamda 60 mingdan ortiq keksa avlod vakillari ishtirokida mamlakatimiz boʼylab:

    - turli sayohat;

    - madaniy-maʼrifiy tadbirlar;

    - uchrashuvlar;

    - “Har kuni 5 ming qadam" shiori ostida piyoda yurish marafonlari oʼtkazilishi belgilangan.

    Qarorga asosan, oylik doirasidagi sayohatlar uchun qator chegirma va aktsiyalar, xususan, Transport vazirligi, «Uzbekistan Airways» АJ va «Oʼzbekiston temir yoʼllari» АJ bilan birgalikda sayohat qiluvchilar uchun yoʼl chiptalari uchun ixtiyoriy chegirmalar belgilanishi koʼzda tutilgan.

    Jumladan, respublikamiz hududida sayohat qilish istagidagi I guruh nogironligi boʼlgan keksalar, 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklarga:

    - “Uzbekistan Airways” АJ tomonidan — 25 foiz

    - “Oʼzbekiston temir yoʼllari” АJ tomonidan — 10 foiz

    - “Uzautotrans Service” MChJ tomonidan mahalliy yoʼnalishlarda qatnovchi avtobus chipta narxlariga — 15 foiz chegirmalar taqdim etiladi.

    “Keksalar uchun turizm” oyligi doirasida barcha tadbirlar Sogʼliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda, belgilangan karantin talablari asosida oʼtkazilishi qatʼiy nazoratga olinadi.