Maʼlumki, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan 2019-yil 3-maydagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorliginii oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi, 2021-yil 19-yanvar kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining videoselektor tarzida oʻtkazilgan yigʻilishi, 2021-yil 26-mart kungi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Maʼnaviyat festivali”ni oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.

Kuni kecha “Yangi Oʻzbekiston maʼrifatli jamiyat!” shiori ostida joriy yilgi “Maʼnaviyat festivali”ni oʻtkazish yuzasidan Respublika ishchi guruhi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda hamkor 20 ta vazirlik va idoralar vakillari, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari, maʼnaviyat fidoyilari, olimlar, ziyolilar, OAV vakillari shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari masʼullari Zoom platformasi orqali ishtirok etdi.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov festivalni tashkil etish va oʻtkazishga oid amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berib oʻtdi.

Festival doirasida “Uchinchi Renessans — maʼrifatli jamiyat sari!” mavzusida konferensiya, “Oʻzbekiston qahramonlari” va “Maʼnaviyat asosiy tushunchalar lugʻati” nomli kitoblar taqdimoti, “Mening farzandim — Oʻzbekiston faxri!”, “Ziyolilar forumi”, “Inson qadri”, “Mehr-muruvvat va saxovat uchun”, “Maʼrifat soati”, “Maʼrifatli oila – maʼnaviyat tayanchi”, “Teatr haftaligi” loyihalari, “Maʼrifat ulashib” aksiyasi, “Yangi uygʻonish davri kitob va kutubxonalardan boshlanadi” nomli kitob koʻrgazmalari, “Faol fuqaro” munozara klubi, “Maʼrifat Ziyo” platformasi taqdimoti, “Maʼnaviyat kubogi” sport musobaqasi va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi".

Yigʻilishda soʻzga chiqqanlar festival doirasida 14 ta hududda 18 ta ijtimoiy loyiha amalga oshirilishi koʻzda tutilganini taʼkidlashdi. Qolaversa, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, adabiyot va badiiy ijod kabi soha vakillaridan iborat 500 nafar “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolarini jalb etish, bu orqali 3 mlnga yaqin aholini qamrab olish rejalashtirilganligini ham aytib oʻtishdi.

“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati Axborot xizmati